Breaking News

AQShning ayrim shtat va shaharlarida mahalliy saylovlar


Nyu-Jersining amaldagi gubernatori Kris Kristi (markazda) tarafdorlari davrasida, 4-noyabr, 2013-yil.
Nyu-Jersining amaldagi gubernatori Kris Kristi (markazda) tarafdorlari davrasida, 4-noyabr, 2013-yil.
Bugun AQShning bir necha shtat va shaharlarida muhim saylovlar bo’lib o’tadi.

Odatda, prezident saylangan yildan keyin mahalliy saylovlar kam bo’ladi. Ammo mamlakat sharqidagi ikki shtatda – Nyu-Jersi va Virjiniyada seshanba kuni gubernatorlar saylanadi. Shuningdek, Nyu-York, Atlanta, Boston, Xyuston va Mayami kabi yirik shaharlarning yangi merlari nomi ma’lum bo’ladi.

Siyosiy tahlilchilar ushbu mahalliy saylov natijalariga qarab kelasi yili bo’lib o’tadigan Kongress saylovlari uchun xulosa chiqarishga urinadi. Vakillar palatasining jami 435 o’rni, shuningdek, 100 kishilik Senatdagi o’rinlarning uchdan bir qismi 2014-yilda ovozga qo’yiladi.

Nyu-York shahri biqinida joylashgan Nyu-Jersi shtatida amaldagi gubernator Kris Kristining yana g’olib chiqishi kutilyapti. U 2016-yilda prezidentlik uchun ham o’z nomzodini ilgari surishi mumkinligi haqida taxminlar bor.

Virjiniya shtatida esa gubernatorlik kursisi uchun konservativ respublikachi Ken Kushineli va biznesmen Terri Makaulif kurash olib bormoqda.

Har ikki shtatda bo’lib o’tadigan saylovlar mamlakat fuqarolarining siyosiy kayfiyatini aniqlashda qo’l kelishi mumkin.

O’tkazilgan so’rovlarning ko’rsatishicha, amerikaliklar o’tgan oy federal hukumatning byudjet bahslari sabab ishdan to’xtab qolishida, asosan, respublikachilarni ayblagan. Ayni paytda yangi sog’liq sug’urtasi uchun ro’yxatdan o’tkazuvchi saytda yuz bergan texnik muammolar Obama ma’muriyatiga nisbatan norozilikni oshirdi. Ba'zi ommaviy so’rovlarga ko’ra, Obama reytingi prezidentlik davridagi eng quyi nuqtaga tushgan.

Nyu-York shahrida mer lavozimi uchun bo’lib o’tadigan saylovda demokrat Bill de Blazioning mutlaq g’oliblikni qo’lga kiritishi kutilmoqda. Agar yutib chiqsa, u uch bor merlikka saylangan amaldagi rahbar Maykl Blumbergning o’rnini egallaydi. Nyu-York meri, qonun bo’yicha, uch martadan ortiq saylanishi mumkin emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG