So'nggi ommaviy so'rovlarga ko'ra, 4-noyabrga belgilangan Kongress va shtat organlari uchun saylovlar yaqinlashar ekan, saylovchilar orasida bezovtalik yuqori. "Gallup" so'rovida amerikaliklar Ebola va "Islomiy davlat" jangarilari solayotgan xavfni AQSh yuzlashayotgan eng katta 10 muammo qatorida sanagan. Ayrim respublikachilar Prezident Obama rahbarligi ostida amerikaliklarning qanchalik xavfsiz yashayotganini savol ostiga olayotgan bo'lsa, demokratlar jamoatchilik sog'lig'i uchun davlat byudjetidan yordamning qisqarishida respublikachilarni ayblaydi.
Xorijdagi qo'rqinchli xabarlar Amerikaga ham yetib keldi. Ebola virusiga qarshi endi AQShning o'zida kurash olib borilmoqda.
Amerikalik jurnalistlar va angliyalik tibbiyot xodimining "Islomiy davlat" jangarilari tomonidan qatl etilishi yana bir katta muammoga aylandi.
"Islomiy davlat" solayotgan tahdid saylov mavzusiga aylandi, deydi "Gallup" so'rovini o'tkazgan Frenk Nyuport.
"Islomiy davlat"ga qarshi olib borilayotgan harbiy harakatlar haqida amerikaliklarga bot-bot eslatilmoqda. Fuqarolar buni muhim deb hisoblaydi. Senat uchun ayrim nomzodlar esa bundan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga urinyapti. Siyosatchilarning bunday qilishi tabiiy", - deydi u.
Respublikachilar telekanallarga siyosiy reklamalar berib, Prezident Obama va demokrat senatorlarni milliy xavfsizlikni ta'minlashda zaiflik qilayotganlikda ayblamoqda.
"Radikal islomchilar Amerikaga hujum qiilsh bilan tahdid solayotgan va millionlab odamlar chegarani nazoratsiz kesib o'tayotgan bir paytda Prezident Obama va senator Lendryu qo'l qovushtirib o'tiribdi", - deyiladi ana shunday reklamalardan birida.
Respublikachilarni yoqlayotgan guruhlar terrorchilar va noqonuniy muhojirlar masalasini bir-biriga bog'laydi.
"Dunyo bo'ylab yovuz kuchlar har kuni amerikaliklarga zarar yetkazishni istaydi. Ular bu yerga qanday kiradi? Arizona orqali. Shunga qaramay, En Kirkpatrik Arizonani himoya qilishga qarshilik ko'rsatib kelmoqda", - deyiladi yana bir reklamada.
Demokratlar tarafdorlari esa Ebola masalasini respublikachilarga qarshi ishlatmoqda.
"Vashington byudjetni qisqartirmoqda. 2010-yildan beri Kasalliklarni nazorat qilish markazidan 585 million dollar pul kesilgan", - deyiladi demokratlar e'lon qilgan videorolikda.
Eboladan jiddiy xavotirdamisiz, deya so'ralgan savolga Vashingtonga tashrif buyurgan sayyohlar turlicha javob beradi.
"Bu katta muammoga aylanadi, deb o'ylamayman. Kasallik dahshatli, ammo tibbiyotimiz uni to'xtata oladi", - deydi virjiniyalik sayyoh.
"Men xavotirdaman. Hozircha qo'rqinchli emas. Hammasi yaqinda ma'lum bo'ladi", - deydi yana bir fuqaro.
Qo'rqinchli siyosiy reklamalar ko'payishiga qaramay, aksariyat amerikaliklar saylovda iqtisodiyot, ishsizlik hamda hukumatning noqobilligi asosiy masalalar bo'lishiga ishonadi.