Misti Kopland (Misty Copeland) Amerika balet teatrining (American Ballet Theater) birinchi qora tanli bosh raqqosasi deya e'lon qilindi. 75 yillik madaniyat dargohida afro-amerikalik ayol balerina erishgan eng yuksak mavqe.
32 yoshli Kopland 14 yildirki Amerika balet teatrida xizmat qilib keladi. Tezda shuhrat qozongan balerina 24 yoshida yetakchi rollarni ijro eta boshlagan. Shu oyning o'zida Nyu-Yorkdagi Metropolitan opera saroyida "Oqqush ko'li"dagi ijrosi uchun tahsinga sazovor bo'ldi.
Koplandning bu muvaffaqiyati qora tanlilar uchun salmoqli yutuq. Bir necha asrlik tarixga ega baletda ular ozchilik. Kopland ijodi davomida Amerika balet teatrining bosh balerinasiga aylanish niyatini bot-bot aytib kelgan.
"Afro-amerikalik ayol bu darajaga yetganidan keyin kelajagi qanday bo'ladi, deb o'ylar edim. Biroq bu gumonlar qarorimni yanada qat'iy qilgani, bo'lg'usi avlod uchun imkoniyatlar maydonini ochish niyatim qat'iy bo'lgani ham rost", - dedi u.
Ijtimoiy tarmoqlarda va matbuotda faol bo'lgani uchun Kopland nafaqat balet shinavandalari, balki umuman keng auditoriyaning ham e'tiboriga tushdi. Tarjimai holi bitilgan kitobi va bolalar uchun yozgan kitobi bugun mashhur. "Time" jurnalining 2015-yilning eng qudratli insonlari ro'yxatiga kirgan.