Breaking News
Din

AQSh armiyasining musulmon imomi madaniyatlararo do'stlik qurmoqchi


Dovud Agbari Pentagonda musulmonlarga imomlik qilib namoz o'qimoqda.
Dovud Agbari Pentagonda musulmonlarga imomlik qilib namoz o'qimoqda.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp og’li urushda halok bo’lgan amerikalik musulmon oila bilan bahsga kirishgach, jiddiy tanqidlarga duchor bo’ldi. Musulmonlarga oid bahslar avj olgan bir paytda minglab musulmon askarlar AQSh armiyasida xizmat qilayotganini ko’pchilik yaxshi bilmaydi. “Amerika Ovozi” ana shunday harbiylardan biri bilan suhbatlashdi.

Pentagonda 15 yil oldingi terror xuruji qurbonlari xotirasiga bag’ishlab bunyod etilgan ibodatxonada azon yangramoqda.

Dovud Agbari armiyadagi besh imomdan biri. U Pentagonga ko’chirilgandan beri bu yerda har kuni namozlarda musulmonlarga imomlik qiladi.

“U bu yerda biz uchun bir jamoat qurdi. Har kuni ibodatlarimizni qila oladigan sharoit yaratib berdi. Bu katta gap”, - deydi Habiba ismli musulmon.

Agbari odatdagi harbiylardan emas. U G’arbiy Afrikaning Gana davlatida tug’ilib o’sgan.

“Dadam mening Gana armiyasida imom bo’lishimni xohlagan. Keyin AQShga grin karta yutib oldim. Nafaqat Ganada, umuman, Afrikada yashaydigan odam Amerikani farovonlik va muvaffaqiyatlar o’lkasi sifatida ko’radi”, - deydi u.

Agbari maktabda bir muddat ishlab, so’ng jiddiy va tartibli ishga o’tishni istab qoldi.

“Men uchun harbiy hayotga qo’shilish oson bo’ldi. Uni o’z uyimdek qabul qildim”, - deydi u.

U Afg’oniston va Iroqda ham xizmat qildi. Ko’pincha, harbiy qismda yagona musulmon bo’lardi. Madaniyatlar o’rtasida ko’prik bo’lishga harakat qildim, deydi u.

“Ular meni harbiy formada ko’rishadi. Amerikada, ayniqsa, AQSh armiyasida musulmon borligini hazm qilishlari qiyin bo’ldi. Birinchi ko’rib hayratga tushishardi, so’ng xursand bo’lishardi”, - deydi u.

Agbari uyida bolalariga islom va axloq qadriyatlarini o’rgatadi.

“U bizga yaxshi baho olishing mumkin, lekin odobsiz bulardan foyda yo’qligini aytadi”, - deydi uning o’g’li.

Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslikka chaqirayotgan bir paytda Agbari oilasiga boshqalarga mehribon bo’lishni o’rgatmoqda.

U harbiylar imomi sifatida 20 yilcha Amerikaga xizmat qildi. E’tiqodimga hurmatsizlik ko’rsatganlarni qoralashga shoshmayman, deydi u.

“Bularning ko’pi bilimsizlikdan. Odamlarga o’rgatish imkoniyati har doim bor”, - deydi Agbari.

“Yashashda davom etaman. O’z hayotimni o’zim quraman. Hayotim shu ekan, deb to’xtab qolmayman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG