Prezident Barak Obama uch kun oldin Shimoliy Karolina shtatida yuz bergan qotillik, uch musulmonni hayotdan olib ketgan jinoyatni vahshiylik va qabihlik deb atadi.
"AQShda hech kim shaxsiyati, ko'rinishi va e'tiqodiga qarab nishonga olinmasligi kerak", - deydi Obama.
Prezident va rafiqasi Mishel o'lganlarning oilasiga hamdard ekanini aytmoqda.
23 yoshli Dia Barakat, uning rafiqasi, 21 yoshli Yusor Abu Salha va singlisi, 19 yoshli Razan Abu Salhaning o'limida 46 yoshli qo'shnisi Kreyg Stiven Hiks ayblanmoqda. Federal qidiruv byurosi tergov olib bormoqda.
Jamoatchilik orasida keng tarqalgan fikr shuki, Hiks arab talabalarni musulmonligi va "kelgindi" bo'lgani uchun o'ldirgan. Bu jinoyatni terrorizm deb baholayotganlar ham bor. Ular Amerika ommasi va hukumatini musulmonlar taqdiriga befarqlikda, ularning yoppasiga o'ldirilganini mudhish voqea sifatida ko'rmayotganlikda ayblaydi.
Marhumlar payshanba kuni Shimoliy Karolinada dafn etildi. Minglab odam motam marosimiga yig'ildi. Politsiya tergov davom etar ekan, xulosa qilishga shoshmang, deydi.
Har yili Amerikada minglab odam qurolli jinoyatlar qurboni bo'ladi.
Kreyg Hiksning o'z quroli bo'lgan. Musulmonlar va boshqa din vakillariga nisbatan nafratini yashirmas edi, deydi uni bilganlar.
"Bu jinoyat aynan bizga qarshi qilingan va adolat ta'minlanishi shart",- deydi Maryam Abu G'azaliy, vashingtonlik muslima, poytaxtda o'tgan xotira marosimida.
Musulmon davlatlaridan Turkiya ochiq norozilik bildirgan.
Bu davlat prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an AQSh rahbarini loqaydlikda aybladi. Hujumga e'tibor bermaslikni vijdonsizlik bilan qiyosladi.
Musulmon biror jinoyat qilsa, terrorist deya tamg'a qo'yiladi, biroq oq tanli amerikalik uch musulmonni yoppasiga o'ldirsa, uni hatto nafratga asoslangan jinoyat deyishga tili bormayapti Amerikaning, deydi ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuni keng muhokama qilayotgan odamlar.
Terrorizmga qarshi kurash bo'yicha ekspert Deyvid Shanzer deydiki, agar qotil musulmon bo'lganida, uning kimligi sinchiklab tekshirilgan, balki u xalqaro maydondagi terrorchilarga aloqador odamdir deya gumon qilingan bo'lar edi. Razvedka xizmati ham albatta aralashgan bo'lar edi, deydi mutaxassis.
"Advokatlarimiz bor, huquqshunoslar bilan gaplashayapmiz. Farzandlarim nafrat qurboni va biz qo'l qovushtirib o'tirmaymiz", - deydi Muhammad Abu Salha, marhumlarning otasi.
Dunyo bo'ylab musulmonlar erkin diyorda yuz bergan bu jinoyatdan dahshatda ekanini aytib, Amerika jamiyatini adolatsiz muhit deya baholamoqda.