Breaking News
Din

Amerika musulmonlari: Qonli namoyishlarni keskin qoralaymiz!


Internetda islom dini va Muhammad payg’ambarni tahqirlovchi film paydo bo’lishi ortidan Yaqin Sharq o’lkalarida Amerikaga qarshi qonli namoyishlar boshlandi. AQShda suratga olingani aytilayotgan film uchun namoyishchilar Vashingtonni ayblamoqda.

Ayni paytda dunyo bo’ylab musulmonlar qonli hujumlarni qoralayapti. Amerika va boshqa o’lkalarda islomiy jamiyatlar hamda ko’zga ko’ringan musulmon namoyandalari zo’ravonliklarni qoralab bayonotlar chiqarishdi.

Liviyaning Bing’ozi shahridagi AQSh konsulligiga uyushtirilgan hujumda Amerikaning Liviyadagi elchisi va bir qator konsullik xodimlari halok bo’ldi. Qonli namoyishlar Misr, Yaman va Yaqin Sharqning boshqa musulmon o’lkalarida ham kuzatilmoqda.

Amerika musulmonlari xunrezliklardan qattiq tashvishda. Amerika-Islom aloqalari kengashi ijrochi direktori Nihad Avad tashkilot rasmiy bayonotida Bing’ozidagi hujumni islom e’tiqodiga qarshi sodir etilgan jinoyat deya baholadi.

“Bu diplomatlarimizga qarshi, dinimizga qarshi va insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatdir”, - dedi tashkilot rahbari.

Uning aytishicha, bu zo’ravonliklarni oqlab bo’lmaydi va jinoyatchilar jazoga tortilishi kerak.

“Qotillarni qoralab, jazolash lozim”, - deydi u.

Imom Abdulloh Antepli (Dyuk universiteti surati)
Imom Abdulloh Antepli (Dyuk universiteti surati)
Shimoliy Karolina shtatida joylashgan Dyuk universiteti imomi, Amerika musulmonlar jamiyatining faol vakili Abdulloh Antepli ham bo’lib o’tgan ishlardan qattiq xafa. Qonli bu voqealar Amerika musulmonlarini g’azabga soldi, deydi u.

“Amerikada ishlangan bir ahmoqona filmni deb sodir etilgan zo’ravonliklar AQSh musulmonlarini qattiq ranjitdi. Bu Amerikadagi musulmonlar ishini yanada qiyinlashtiradi. Chunki 11-sentabr voqealaridan beri islomni tinchlik dini sifatida ko’rsatishga qaratilgan barcha urinishlarimizga qarshi katta zarba bo’ldi bu. Filmni keskin qoralaymiz, lekin unga javoban begunoh odamlarning qonini to’kish og’ir jinoyatdir”, - deydi imom.

Imom Anteplining aytishicha, dunyo bo’ylab musumonlarning aksariyati qonli namoyishlarga qarshi. Elchixonalarga hujum qilganlar butun arab xalqi yoki musulmonlar nomidan gapira olmaydi, deydi u.

“Albatta, bu qonli hujumlar butun arab jamiyatii yoki barcha musulmonlar zo’ravon degan fikr bermaydi. Ammo odamning hafsalasini pir qiladigan voqea bu. Ayniqsa, diktatura rejimidan ozod bo’lishida AQShning katta yordami tekkan Liviyadek joyda AQSh elchisining o’ldirilishidan juda qattiq xafa bo’ldim”, - deydi Abdulloh Antepli.

Haqoratomuz film AQShda suratga olingani bois g’azabnok musulmonlar birinchi navbatda AQSh elchixonalariga hujum qilishni lozim topgan. Mustaqil shaxslar yoki guruhlar tomonidan sodir etilgan xatti-harakatlar uchun AQSh hukumatini javobgar tutish to’g’rimi?

“Yo’q, bu mutlaqo noto’g’ri. Chunki bu yer erkin jamiyat, so’z erkinligi to’la ta’minlangan. Albatta, bunday erkinlik zo’ravonliklarga sabab bo’lmasligi kerak. Ayni paytda prezident Obamadan tortib elchixona xodimlarigacha, barcha bu filmni payg’ambarga nisbatan tahqir ekanini aytib, keskin qoraladi. Bu so’z erkinligi emas, balki nafrat, haqorat ekanini aytishdi. Agar filmni yaratishda yoki islomga qarshi propaganda ishlarida AQSh hukumati homiylik qilgan bo’lsa edi, bu boshqa masala bo’lardi”, - deydi amerikalik imom.

Ayrim faollarga ko’ra, so’z erkinligi niqobi ostida musulmonlarga nisbatan nafrat va haqorat urug’ini sochayotgan shaxslarga qarshi qonli namoyishlar orqali emas, balki ayni shu so’z erkinligi huquqidan foydalangan holda javob berish kerak. Amerikalik blogger, yosh dinshunos olim Kreg Filipsning aytishicha, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda liviyalik musulmon yoshlar bo’lib o’tgan qonli hujumlarni qoralab, buning uchun AQSh xalqidan uzr so’ramoqda. Musulmonlarni tahqirlovchi bunday siyosiy ritorikalarga qarshi so’z erkinligidan mas’uliyat bilan foydalangan holda javob berish kerak, deydi u.

Blogger Kreg Filips
Blogger Kreg Filips
“Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, zo’ravon namoyishlarni qoralab o’tkazilgan tinch namoyishlar ham bo’lganini ko’rasiz. Liviyada yoshlar “Bizni kechiring”, “Elchi Liviyaning do’sti edi” degan yozuvlarni ko’tarib chiqishgan. Jamoatchilikka ana shunday ma’lumotlarni ham yetkazish kerak. So’z erkinligidan foydalanib, musulmonlar o’z e’tirozlarini bildirishi kerak”, - deydi Fillips.

Uning fikricha, so’z erkinligiga mas’uliyat bian yondashish zarur. Shunda boshqalar e’tiqodini tahqirlovchi va natijada qon to’kilishiga sabab bo’ladigan ishlar yuzaga chiqmaydi, deydi u.

“So’z erkinligi juda muhim. Ammo yolg’on ma’lumot sabab odamlar hayoti boy berilishi mumkin bo’lganidek, nafratga to’la, haqoratomuz xabarlar ham insonlar umriga zomin bo’lishi mumkin. Shuning uchun minbarga chiqib gapirish imkoniyatiga ega bo’lgan odam mas’uliyatli bo’lishi lozim. AQSh so’z erkinligini ta’minlash bilan birga, vijdon erkinligi va diniy xilma-xillikni ham hurmat qiladi. Bu ikkisi bir-birini muvozanatga solib turishi kerak”, - deydi yosh dinshunos.

Amerika rasmiylarining o’limiga yetaklagan hodisaning asl sababi mas’uliyatsizlarcha qo’llanilgan so’z erkinligimi yoki har muammoda Amerikani aybdor sanaydigan radikal guruhlar ishimi?

Demokratiya va diniy qadriyatlar o’rtasidagi bahsli masalalarga yechim topilmas ekan, kelajakda nafrat va zo’ravonlikka undovchi ana shunday filmlarning yana yaratilmasligiga va natijada begunoh insonlar qoni to’kilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG