Yangi Orlean shahri Katrina to’fonidan aziyat chekkaniga 10 yil bo’ldi. Bu davr ichida shaharning qayta tiklanishiga millionlab dollar mablag’ sarflandi, infratuzilma va ko’pgina sanoatlar oyoqqa turdi, tadbirkorlik rivojlanmoqda. Bunda o’qimishli yoshlarning janubdagi bu port shaharga ko’chib borgani ahamiyatli.
Ko’plar, ayniqsa, yoshlar uchun Yangi Orlean hamon kuy-qo’shiq shahri. Ba’zilar bu yerga butunlay ko’chib kelgan.
“Shahar meni o’ziga tortadi. Yiliga 3-4 marta kelaman, chunki sog’inaman. Oxiri bu yerga ko’chib kelishga qaror qildim. Ko’ramiz, nima bo’larkin,” - deydi Naomi.
O’qimishli, malakali ishchilar uchun ish topish qiyin emas, axir, ko’p sohalar ayniqsa, sanoat va texnologiya jadal rivojlanmoqda va uquvli mutaxassislarga talab katta.
“Shaharga keladigan yoshi 25 ga chiqmagan kollej bitiruvchilarining jon boshiga soni bo’yicha biz mamlakatda birinchimiz,” - deydi "Greater New Orleans" kompaniyasi rahbari Maykl Hext.
Yangi Orlean va Luiziana shtati tabiiy ofatlardan keyin federal byudjetdan ajratilgan mablag’ hisobiga gurkiradi. Mahalliy va xorijiy investorlar ham sarmoya kiritdi.
“Luiziana bevosita kirgan xorijiy sarmoyalarning jon boshiga hajmi bo’yicha AQSh bo’ylab birinchi o’rinda. Bizga, shuningdek, Yevropa, Osiyo va Janubiy Amerikadan ham sarmoya kiritilgan,” - deydi Hext.
Yangi Orlean avvalambor port shahar. Butun dunyo bilan aloqa qiladi.
“Savdo juda mustahkam. Yangi Orlean porti 2009-yildan buyon bu yerdan o’tadigan tovarlar hajmini uch baravar ko’paytirdi. Yangi sanoatlar ham rivojlanmoqda,” - deydi shahar meri muovini Endi Kopplin.
Malakali professionallar raqamli media kabi 10 yil muqaddam, to’fondan oldin mavjud bo’lmagan sohalarda ishlaydi. Biroq shaharning rivojlanishidan foyda ko’rmaganlar ham yo’q emas.
“Oq tanli erkaklar orasida ishlayotganlar soni ko’paygan bo’lsa, qora tanli erkaklarning qariyb 50 foizi hamon ishsiz. Katrinadan oldin ham shunday edi.” - deydi statistika markazidan Ellison Player.
Shahar va shtat rahbarlari malakasi bo’lmagan ishchilar uchun turli oq’uv kurslarini tashkil etmoqda. Biroq turmushdagi farqni yo’q qilish bir necha yil vaqt talab qilishi mumkin.