Shimoliy Dakota - qonun chiqaruvchi organ ikki yilda faqat bir marta yig’iladigan shtatlardan biri. Neft sanoati gullab yashnayotgani hukumat uchun yangi muammo va vazifalar yaratmoqda.
Neft qazib olina boshlaganidan buyon Shimoliy Dakotaning Villiston shahrida ish joylari va aholi ko’paydi.
Masalan, davlat maktablarida o’quvchilar soni keskin oshgan.
Ta'lim boshqarmasi rahbari Viola Lafonteyn amaldagi byudjet talabni qondirmaydi deydi.
“Bu yil 300 yangi o’quvchi kelsa, ular uchun mablag’ni kelasi yili olaman. Hozirgi o’quvchilar uchun ajratiladigan pul bizga bir yil o’tib keladi. Men o’quvchilar ehtiyojlarini qondirish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanishga majburman”, - deydi u.
Byudjet muammosini Shimoliy Dakota shtati parlamenti hal qiladi. Bu organ shtat poytaxti Bismarkda yig'iladi.
Ammo yilning aksar qismi parlament binosi ishlamaydi: xonalar, zallar bo’m-bo’sh.
Chunki qonunchilar har ikki yilda bir marta yig’iladi. Sessiya 80 kun davom etadi.
“Infratuzilmaga oid qator masalalar to’planib qolgan. Ularni ko’rib chiqish uchun ikki yilda bir marta yig’ilish yetarli emas”, - deydi Shimoliy Dakota davlat universiteti professori Din Bengsand.
Unga ko’ra, neftni qazib olish texnologiyasi doim yangilanib turadi. Quduqlar ko’payadi. Shtatdagi neftga oid vaziyat ham o’zgaradi.
“Qonunchilar yig’ilganida vaziyat batamom boshqacha bo’ladi”, - deydi u.
“Muammolarni hal etish yoki muhokama qilish uchun yagona imkoniyat – parlament sessiyasi”, - deydi Shimoliy Dakota qonun chiqaruvchi organining huquqiy xizmatlar direktori Jey Buringrud.
Uning aytishicha, sessiyalar orasida parlament qo’mitalari va shtat gubernatori ko’p masalalarni hal etish salohiyatiga ega.
“Energetiya sohasining rivojlanishi, taraqqiyotning ta’siri kabi masalalar ustida qo’mitalar ishlamoqda. Gubernator ham sessiyalar orasida tug’iladigan ishlarni hal qilishi mumkin”, - deydi u.
Shu yil boshida, asosan, respublikachilar nazoratidagi organda demokratlar gubernator Jek Dalrimplni neft sanoatiga aloqador mablag’ masalasini muhokama etish uchun navbatdan tashqari sessiya o’tkazishga chaqirdi. Ammo gubernator ularga rad javobini berdi.
“Umuman olganda, shtat muammolarni hal qilyapti, lekin odamlar nazarida hukumat e’tibori yetarli darajada emas”, - deydi Jey Buringrud.
Viola Lafonteyn ham norozilardan biri.
“Balki sessiyalar uzoqroq davom etishi kerakdir. Ba’zilar sessiya har yili o’tkazilishini istaydi. Men esa ikki yilda bir marta yig’ildingizmi, yaxshiroq ishlang, yaxshiroq qarorlar qabul qiling, deyman. Ular Shimoliy Dakotaga yordam berishi kerak”, – deydi u.
Lafonteyn kerakli yordamni olishi uchun 2015-yilning yanvarigacha kutishi kerak. Parlamentning keyingi yig’ini shu paytga belgilangan.