Shimoliy Koreya yadro quroli va ballistik raketalarini kuchaytirayotgani haqida xavotirlar avj olar ekan, Oq uy Pxenyanga bosimni oshirmoqda. Ammo qanday chora ko'rilishi aniq emas.
Shimoliy Koreya chegarasida kuch-qudrat namoyishi. Hududga tashrif buyurgan AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens qo'shni yurtni shaxsan ogohlantirdi.
"Sabr-toqat davri tugadi", - dedi u.
Qisqa, ammo qat'iy bayonot.
Shimoliy Koreya yadro va boshqa raketa dasturlarini kengaytirib borishini AQSh ortiq kuzatib o'tirmoqchi emas. Qo'shma Shtatlarning navbatdagi qadami qanday bo'ladi?Tramp Vashington bir o'zi harakat qilishi mumkinligiga ham ishora qilgan.
Shuningdek, Tramp Xitoy rahbari Si Zinpindan Pxenyanga bosimni oshirishni so'ragan.
Bunday choralar ilgari ham ko'rilgan, lekin samara bermagan. Tramp davrida AQSh siyosati qanchalik o'zgarishi mumkin?
Janubiy Koreyadagi AQSh sobiq elchisi va Pxenyan bilan muzokara olib borgan diplomat Kris Hilga ko'ra, aniq javob aytish qiyin.
"Qilish mumkin bo'lgan behisob narsalar bor. Diplomatiyada kimdir hech kim kutmagan bir ishga qo'l uradi, deb o'ylamayman", - deydi u.
Tramp rejalarini hech kim bilan baham ko'rmasligini va hamma choralar hisobga olinishini aytib keladi. Hil esa Trampning kutilmagan qadamlar tashlash strategiyasini ham savol ostiga oladi.
"Kutilmagan choralar futbol yoki basketbol uchun yaxshi, qarshi tomon hisob ochish uchun nima qilishingizni bilmaydi. Lekin bu muammo ham keltirib chiqaradi. Hamkorlaringiz sizni yaxshi bilmasa, qanday ishlashingiz haqida tasavvurga ega bo'lmasa, oqibati yaxshi bo'lmaydi", - deydi elchi.
Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser Shimoliy Koreya siyosatida yangi davr boshlanganini aytdi, ammo detallariga to'xtalmadi.
"Prezident aniq qilib aytdi, hech bir chora e'tibordan chetda qolmaydi", - dedi u.
Jumboq shuki, Tramp nima qilishini hech kim bilmaydi.