AQSh Afg’onistondagi 1200 ga yaqin minaga chidamli zirhli texnikasini qo’shni Pokistonga qoldirish haqida o’ylayapti. Bu Kobulning kuchli e’tiroziga sabab bo’ldi. Afg’oniston rasmiylariga ko’ra, bu texnikaning barchasi Afg’onistonda qolishi kerak.
Afg’onistonda qolayotgan qurol-yarog’lar orasida bomba hujumlariga chidamli “MRAP” rusumidagi og’ir mashinalar bor. Pentagon mutaxassislari Afg’onistonda 10 yildan ortiq xizmat qilgan bu texnikani AQShga qayta olib kelish transport uchun sarflanadigan xarajatlarni oqlamasligini aytmoqda.
AQSh harbiylari bir necha milliard dollarlik harbiy texnikani AQShga qaytarib olib kelish yoki yaroqsiz holga keltirish uchun yo’q qilish o’rniga ularni mintaqadagi Pokiston kabi hamkor davlatlarga qoldirish masalasini ko’rib chiqyapti.Afg’onistondagi xalqaro kuchlar qo’mondoni general Josef Danford o’tgan hafta Senatdagi tinglovda AQSh rejalari haqida ma’lumot berdi.
“Bitta mashinani yo’q qilish 10 ming dollarga tushadi. Uni ko’chirish uchun esa 50 mingdan 100 ming dollargacha xarajat qilish kerak. Boshqa bir davlatga beradigan bo’lsak, ular mashinalarni qanday bo’lsa, shundayligicha qabul qilib oladi. Ya’ni tashish, tuzatish xarajatlarining hammasini o’zlari qoplaydi. Boshqacha qilib aytganda, texnikalarni ta’mirdan chiqarish va o’z mamlakatlariga olib ketish uchun ketadigan mablag’ni o’z hisoblaridan to’lashadi. Biz bu texnikani Afg’oniston, Pokiston va boshqa hamkorlarimizga berish haqida o’ylayapmiz”, - deydi AQSh generali.
Pokiston rasmiylari qurollarni AQShdan qabul qilib olish tartibi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Ammo ular mahalliy Tolibon jangarilariga qarshi kurashda AQShdan olinadigan texnika qo’l kelishini ta’kidlashdi.
AQShning harbiy texnikaga oid yangi rejasi Afg’onistonni darg’azab qildi.
Prezident so’zlovchisi Aymal Fayziyning aytishicha, Kobul harbiy aslahani Pokistonga yetkazishga qaratilgan har qanday urinishga keskin qarshi chiqadi. Biz bu qurollarning afg’on xavfsizlik kuchlariga qoldirilishini kutayotgan edik, deydi u.
Afg’on matbuoti hamda ayrim qonunchilar AQShni Pokiston bilan bu borada olib borilayotgan muzokaralarini zudlik bilan to’xtatishga chaqirdi. Ularga ko’ra, Pokiston Afg’onistondagi terror xurujlarining eng katta homiysidir.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tasnim Aslam Kobul ayblovlarining asossiz ekanini aytadi. Pokiston ham terrorga qarshi kurashda ko’p qurbonlar bergan, deydi u.
“Terrorizmga qarshi kurashda 40 mingdan ortiq fuqarolarimiz va askarlarimiz o’z jonini qurbon qildi. Pokistonning terrorchilik nishoni bo’lgani haqidagi haqiqatni shubha ostiga qo’yadigan har qanday qarashni biz inkor etamiz. Afg’oniston va Pokiston o’rtasidagi o’zaro aloqalarning yangi sahifasini ochishga qaratilgan samimiy harakatlar davom etayotgan paytda bunday bayonotlarni eshitish tashvishlanarli hol”, - deydi Pokiston rasmiysi.
Afg’oniston Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Orifulloh Pashtun AQShning Pokistonga qurol berish haqidagi rejasi Afg’oniston xalqini qattiq xafa qilganini aytadi. Amerikalik harbiylarning aytishicha esa, harbiy texnikani Pokiston ixtiyoriga topshirish haqida Islomobod bilan muzokara olib borilmoqda, ammo bu haqda hali so’nggi qaror berilmagan.