Breaking News

Pentagon rahbari Pokistondan NATO tranzit yo'llarini ochishni talab qilmoqda


Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif (o'ngda) va AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Islomobodda, 9-dekabr, 2013-yil
Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif (o'ngda) va AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Islomobodda, 9-dekabr, 2013-yil
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel bugun Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif va yaqinda armiyaga rahbar etib tayinlangan general Rahil Sharif bilan Islomobodda uchrashgan.

Bu Pentagon rahbarining so'nggi to'rt yilda Pokistonga ilk tashrifidir.

Xeygel bosh vazirdan Pokistonni Afg'onistonga bog'lovchi katta yo'lni ochishda yordam so'ragan.

Muxolifatdagi "Tahriki Insof" partiyasi AQShdan Pokiston hududida havo hujumlarini to'xtatishni talab qilib, uning tarafdorlari Afg'onistonda xalqaro qo'shinlarga yuk yetkazishda ishlatilayotgan trassani to'sib qo'ygan.

Afg’onistonda xizmat qilayotgan xalqaro qo’shinlarga yuk ikki yo’l orqali yetkaziladi. Biri Xaybar Paxtunxva viloyati, ikkinichisi esa janubi-g’arbdagi Balujiston viloyati orqali.

"Tahriki Insof" tarafdorlari Xaybar Paxtunxvadagi trassadan NATO yuklarini o'tkazmayapti.

Xalqaro koalitsiya kuchlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, ularning katta qismi va harbiy uskuna aynan shu ikki yo’nalish orqali chiqarilishi rejalangan.

Bu hol AQSh mudofaa vazirini asabiylashtirmoqda. Xeygel Navoz Sharifdan darhol muammoni hal etishni so'rab, aks holda Amerikaning Pokistonga yordami kesilishini aytgan.

Qo’shma Shtatlar hududda yashirinib, qo’shni Afg’onistonda AQSh va NATO amaliyotlariga zarar yetkazayotgan jangarilarni piyoda askarlar uchun o’tish qiyin bo’lgan tog’li mintaqada havodan nishonga olishini aytib keladi.

Xeygel kecha Kobulda ham bo'lib, Afg’oniston mudofaa vaziri bilan uchrashgan. Bismilloh Xon Muhammad Xeygelni AQSh va Afg’oniston o’rtasidagi xavfsizlik bitimi o’z vaqtida imzolanishiga ishontirgan.

Prezident Hamid Karzay 2014-yildan so’ng AQSh harbiylarining bir qismiga Afg’onistonda qolishga ruxsat beruvchi hujjat bahorda imzolanishini aytgan, biroq Qo’shma Shtatlar nazarida bu juda kech bo’lib, AQShda zarur taraddud ko’rishi uchun na imkoniyat va na vaqt bo’ladi.

Aprel oyida Afg’onistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Karzay yangi muddatga saylana olmaydi. Uning aytishicha, bitim bilan yangi prezidentning shug’ullangani ma’qul.

Afg'on rahbari kecha Tehronda bo'lib, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashgan. Ruhoniy Karzayga Amerika bilan xavfsizlik bitimini imzolamaslikni tavsiya qilgan.

Ikki rahbar Afg'oniston va Eron o'rtasida do'stlik va hamkorlik bitimini imzolashga kelishib oldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG