AQShning Texas shtatida qurollangan shaxs zirhli mashinadan politsiya bosh idorasini o'qqa tutgan. Huquq-tartibot xodimlari orasida qurbonlar yo'q.
Voqea Dallas shahrida ro'y bergan. Hujumchi qochib ulgurgan, biroq uch soatlik otishmadan so'ng snayperlar mashina motorini nishonga olib, uni ishdan chiqargan. Uning o'zi ham o'lgani taxmin qilinadi.
Bu voqeadan sal avval Dallas politsiya idorasi yonida qarovsiz paketlar topilgan edi. Robotlar tekshirayotganda ular portlab ketgan. Politsiya mashinasiga biriktirilgan yana bir bomba topilgan. Hech kimga ziyon yetmagan.
Rasmiylarning aytishicha, hujumchi kim ekani politsiyaga ma'lum. Oilaviy zo'ravonlikda ayblanib, bir necha bor hibsga olingan oq tanli erkak. Ammo biror terrorchi guruhga aloqadorligi ma'lum emas.
Dallas - Texas shtatining uchinchi eng yirik shahri, bir milliondan oshiq aholi yashaydi. Joriy yilda Qo'shma Shtatlarda politsiyachilarga bir necha bor hujum qilingan.