Breaking News

Politsiya uchun shaxsiy kameralar AQShda muhokamada


Politsiya video kamera taqishidan foyda bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Politsiya video kamera taqishidan foyda bormi?

Merilend shtatining Baltimor shahridagi zo’ravonliklarga politsiya va aholi o’rtasida vujudga kelgan to’qnashuv sabab bo’ldi. Bundan oldin AQShning boshqa shaharlarida ham o’xshash hodisalar yuz bergan edi. Huquq-tartibot organlarini adolatsizlikda ayblagan faollar politsiya kiyimiga kamera taqib yursin va har qadamini videoga tushirsin, demoqda. Biroq bunday kameralar narxi, ular yordamida olingan videolarni ko’rish va tekshirish hamda texnologiyaga xos kamchiliklar qo’shimcha xarajat va qiyinchiliklarga yetaklashi mumkin, deydi soha mutaxasslari.

Xyuston politsiyasi boshlig’i Charlz Maklelland zobitlar formasiga kamera taqib yurishini ma’qullaydi, ammo buning muammolari ham bo’ladi, deydi.

“Uskuna turi, uning qayerga taqilishi, videoni kompyuterga ko’chirish vaqti, xotira hajmi – hammasini taxt qilish osonmas,” - deydi u.

So’nggi ikki yilda Xyuston politsiyasi bo’limi kameralarni sinadi, har kuni 100 zobit kamera qadab yurdi.

Ammo Maklelland deydiki, bir necha ming politsiyachiga kamera taqtirish va tushirilgan videolarni ko’rib chiqish katta pulga tushadi.

“Har bir zobit videoni kompyuterga ko’chirishi va ularni nomlab chiqishi uchun qo’shimcha ish haqi to’lashimiz kerak,” - tushuntiradi u.

Bundan tashqari, videoda hodisaning bir tomondan olingan tasvirini ko’rish mumkin, xolos. Politsiyachilar formasiga taqib yuradigan kamera sifatli tasvirga oladi. Xuddi oddiy kameralarga o’xshaydi. Lekin ko’p narsa tasvirda ko’rinmaydi, deydi politsiya boshlig’i.

“Politsiya zobiti boshini boshqa tarafga o’girsa ham, ko’kragiga taqilgan kamera to’g’rini tasvirga olaveradi”.

Kamerani sinagan politsiyachilar bunday amaliyotdan mamnun.

Texasdagi Huquq-tartibot boshqaruvi instituti direktori Rita Uotkinsga ko’ra, shtat bo’ylab bunday kameralarning bozori chaqqon.

“Ayrim politsiya bo’limlari boshliqlari formaga kamerani qistirib qo’yish amaliyotini boshlash uchun byudjetni qayta ko’rib chiqyapti, alohida mablag’ ajratishni so’rayapti,” - deydi Uotkins.

Huquqshunoslar ham fuqarolar olgan surat va videolardan foydalanish yo’llari ustida bosh qotirmoqda.

“Oddiy odamlar hodisalarni videoga tushirishni odat qilgan. Ular bunday ma’lumotni huquq-tartibot organlariga uzatishi shartmi, ularning mas’uliyati qanday, uzatishning yo’llari-chi?”

Uotkins ham, Maklelland ham kamera ishdan chiqsa yoki videotasvir yo’qolsa nima bo’ladi, deya so’raydi.

“Bu texnologiyani inson yaratgan. Demak, kutilmaganda buzilishi yoki noto’g’ri ishlashi mumkin,” - deydi Maklelland.

Bunday nosozlik Baltimor kabi politsiyaga aholisi ishonmaydigan shaharda jiddiy ziddiyatga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, politsiya va aholi o’rtasidagi kundalik muloqot kameralar tufayli kamayishi mumkin.

“Politsiyachi kamera yordamida fuqaroni videoga tushirsa, fuqaro uni telefonida videoga oladi,” - deydi politsiya boshlig'i.

Kiyimga taqiladigan kameralar foydasi katta, ammo ular politsiya uchun katta xarajatni anglatadi, chunki texnika 3-4 yilda eskiradi, yangiroq, zamonaviyroqlari esa pul turadi, deydi Maklelland.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG