AQShning Texas shtati, Dallas shahrida tinch namoyishlar qonli tus olib, snayperlar besh ofitserni otib o'ldirgan. Yetti politsiyachi yarador.
Odamlar Minnesota va Luizianada politsiya ikki nafar qora tanlini otib o'ldirganiga qarshi namoyish qilayotgan bo'lgan. Dallasdagi bu to'polon ketidan uch kishi hibsda.
Politsiya Dallasda otishma boshlagan yana bir shaxs bilan muzokara olib borayotgan edi. Rasmiylar bu shaxsning o'lganini aytmoqda. U o'zini o'ldirganmi, politsiya o'qidan o'lganmi, noma'lum.
Politsiya rahbari Deyvid Braun so'zlariga ko'ra, hibsdagilardan biri ayol kishi. Yana ikki kishi shubhali yuklar ko'tarib ketayotganida ofitserlar tomonidan to'xtatib so'roq qilinmoqda.
Dallas meri Mayk Roulings bu mash'um tongda yuragimiz qon, dilimiz xun, deydi.
"Politsiyachilar har kuni hayotini xavf ostiga qo'yib xizmatga chiqadi. Bu haqiqat", - deydi mer.
Rasmiylarning so'zlariga ko'ra, hujumchilar keng ko'lamli ziyon yetkazishga harakat qilgan. Portlashlar ehtimolining oldi olindi, deydi ular.
Prezident Barak Obama Polshada NATO sammitida so'zlar ekan, hujumlarni qoraladi. Huquq-tartibot xodimlari jamoat xavfsizligini ta'minlashdek sharafli kasbini ado etayotib jon berdi, deydi u.
"Xayolimiz marhum politsiyachilar va ularning oilalarida. Ko'k forma kiygan bu jasur ayol va erkaklarning xizmatlari uchun rahmat aytishni unutmaylik", - dedi prezident.
Politsiyaning bildirishicha, 7-iyul kechqurun o'tayotgan namoyish paytida ikki snayper huquq-tartibot xodimlariga qarata o'q uzgan. Odamlar hafta boshida Minnesota va Luizianada qora tanli ikki shaxs politsiya tomonidan o'ldirilganiga qarshi namoyish qilayotgan edi.
Namoyishchilar nazarida politsiya qoralar bilan muomala qilayotganida ko'pincha asossiz kuch ishlatadi.