Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp AQShda tug’ilgan istalgan shaxsga fuqarolik berish haqidagi mashhur qoidani bekor qilishga chaqirmoqda.
11 million noqonuniy muhojirni deportatsiya qilish haqidagi chaqiriqlari bilan so’rovlarda yetakchilik qilayotgan milliarder siyosatchining aytishicha, tug’ilish orqali fuqarolik olish huquqi noqonuniy muhojirlarni bu yerga jalb qilayotgan eng katta sababdir.
Tramp fikricha, konstitutsiyadagi AQShda tug’ilgan va naturalizatsiya jarayonidan o’tgan barcha shaxslar AQSh fuqarolaridir, degan moddani bekor qilish kerak.
Respublikachilar orasidan yagona nomzodni aniqlash borasida shtatlarda boshlanadigan ilk saylovga besh oy vaqt qolar ekan, Tramp va uning 16 raqibi noqonuniy muhojirlar oqimini to’xtatish uchun AQSh va Meksika o’rtasida narozatni kuchaytirishni yoqlamoqda. Ammo tug’ilish orqali fuqarolikni qo’lga kiritish huquqiga hamma ham Tramp kabi qarshi chiqayotgani yo’q. Masalan, Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bush va shu shtatdan senator Marko Rubio bu borada farqli qarashda.
Bush tug’ilish orqali fuqarolikka ega bo’lishni konstitutsiya tomonidan muhofazalangan huquq deb hisoblaydi. Rubio esa konstitutsiyaviy huquqni suiiste’mol qiluvchilarga qarshi chora ko’rishga tayyor ekanini, ammo bu huquqni bekor qilishni istamasligini aytadi. Boshqa respublikachilar esa bu masalada Tramp fikrini qo’llab-quvvatlamoqda.
Immigratsiya tadqiqotlari markazi ma’lumotiga ko’ra, dunyodagi 194 davlatning 30 tasida tug’ilish orqali fuqarolik olish huquqi bor. Ammo bu narsa rivojlangan davlatlar orasida faqat AQSh va Kanadada tatbiq etilgan, xolos.
AQShda bu imtiyoz XVIII asrda anglo-sakson huquqiy tizimi qabul qilingandan beri amal qiladi.
1857-yil qabul qilingan AQSh Oliy sudi qarorida qullarning farzandlari bu huquqdan mahrum ekani belgilab qo’yilgan edi. Ammo fuqarolar urushida quldorlikka qarshi shimoliy shtatlar konfederatsiya kuchlari ustidan g’alaba qozongach, konstitutsiyaga qora tanli va ozod qilingan qullarning ham AQSh fuqarolari ekanini ta’kidlovchi o’zgartirish kiritilgan.
XIX asrda qabul qilingan Oliy sud qarori ham AQSh hududida tug’ilgan odamlarning Amerika fuqarolari ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ammo unda xorijlik diplomatlar, bosqinchi askarlar farzandlari hamda xorijiy davlatga qarashli kemalarda tug’ilganlar bu imtiyozdan mustasno qilingan.
Konservativ qonunchilar orasida bu huquqni bekor qilishga chaqiriqlar tez-tez uchrab turadi, ammo shu paytgacha uni ko’pchilik qo’llab-quvvatlamagan.
Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish eng qiyin jarayonlardan. Buning uchun Kongressning har ikki palatasining uchdan ikki qismi yakdil ovoz berib, so’ng bu qarorni 50 shtatning kamida 38 tasida mahalliy qonunchilik organlari ma’qullashi kerak.