Kaliforniya shtatida bir ayol noqonuniy muhojir tomonidan otib o'ldirilgani keskin bahslarga sabab bo'lmoqda. Respublikachi qonunchilar deportatsiyaga oid qonunlarni kuchaytirishga chaqiryapti.
AQShda shunday shahar va okruglar borki, turli sabablarga ko'ra immigratsiya masalasida federal hukumat bilan hamkorlik qilmaydi. Politsiya birovni ushlaganda ham immigratsion maqomini so'ramaydi.
Ayrim qonunchilar nazarida, muhojirlar haqida tegishli idoralarga ma'lumot uzatmaydigan shtat, shahar va okruglarga yordamni kesish lozim. Hukumat bilan hamkorlik qilmaysizmi, demak jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun ajratiladigan mablag'dan ham quruq qolasiz, deydi ular.
AQSh Vakillar Palatasida bu boradagi qonun loyihasi ham ma'qullangan.
Noqonuniy immigrantlar dastidan o'lgani aytilayotgan besh amerikalikning yaqinlari o'tgan hafta Senatning Qonunchilik qo'mitasida so'zladi.
Jim Steynli San-Fransisko shahrida, suv bo'yida sayr qilib yurganida uning qizini otishganini hikoya qilib berdi. Qotil, deydi tergovchilar, Amerikadan besh marta deportatsiya qilingan va mamlakatga qayta kirgan bir meksikalikdir.
Fransisko Sanchez voqeadan atigi bir necha kun oldin politsiya tomonidan ushlangani va aybsiz qo'yib yuborilgani ma'lum. Biroq bu haqda federal idoralar xabardor qilinmagan.
"Bu jinoyatchi qanday qilib Amerika ko'chalarida hujjatsiz yurgan? Qonunlarga o'zgartirish kiriting", - deya talab qildi marhumning otasi.
Senatning Qonunchilik qo'mitasi raisi Chak Grassli qonun loyihasi bilan chiqdi. Unga ko'ra, immigratsiya bobida hamkorlikdan bosh tortayotgan mahalliy hukumatlar va politsiya idoralariga pul ajratilmaydi.
Vakillar Palatasida ovozdan o'tgan loyiha endi Senatga yo'l oladi.
Aytish joiz, Barak Obama prezident bo'lganidan beri immigratsion islohotlar haqida gapirib keladi, ammo respublikachilar bilan til topisha olgani yo'q. Obama oxir-oqibat o'tgan yili Kongressni chetlab, besh millionga yaqin noqonuniy muhojirni deportatsiya qilmaslik to'g'risida farmon imzoladi. Muxolifat bundan g'azabda.
Biroq nolegal immigrantlarga boshpana berayotgan shaharlarga yordamni kesish tashabbusiga Obamaning ayrim partiyadoshlari ham befarq emas.
"Mahalliy, shtat va federal huquq-tartibot organlari orasida hamkorlik bo'lishi shart. Yuqorida tilga olingan voqeada mahalliy politsiya hujjatsiz bir odamni ozodlikka chiqarayotgani haqida xabar berishi kerak edi", - deydi senator Dayan Faynstayn.
Taklif qilinayotgan qonunga munosabat turlicha.
"Aholini jinoyatchilik va zo'ravonlikdan himoya qilish bizning ishimiz. Lekin immigratsiyaga doir qonunlar ijrosini ta'minlash bizning vakolatimizga kirmaydi", - deydi Merilend shtatidan politsiya boshlig'i Tomas Menger.
Senator Richard Durbin Amerikada muhojir jamoalar va huquq-tartibot idoralari o'rtasida ishonch bo'lishini muhim deb hisoblaydi.
"Agar muayyan bir mahallada politsiya hujjatsiz odamlarni qidirib yuribdi degan gap tarqalsa, orada ishonch yo'qolsa, haqiqiy jinoyatchilarni topish qiyinlashadi. Muhojirlar politsiya bilan hamkorlik qilmay qo'yadi", - deydi qonunchi.
Qurbonlarning oilalari "sizdan hamdardlik so'rab kelganimiz yo'q, konkret chora ko'ring" deya Kongressga murojaat qilmoqda.