Amerikalik milliarder Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilayotgan arboblar orasida hozircha eng baland reytingga ega. Bunga, xususan, uning noqonuniy immigrantlarga qarshi qilgan bayonotlari sabab bo’ldi. Xo’sh, Tramp partiyadan prezidentlik uchun yagona nomzod bo’la oladimi?
Donald Tramp reytinglarda birinchi. Ommaning unga qiziqishi katta. Yaqinda u Arizonada bo’ldi.
“Men Meksikani mamlakat sifatida juda hurmat qilaman. Lekin muammo shundaki, Meksika rahbarlari bizlarnikidan ancha aqlliroq va ayyorroq. Chegarada ham, savdo masalalarida ham ular bizdan foydalanishyapti”, - dedi Tramp.
Uning noqonuniy muhojirlarga qarshi bayonotlari immigrantlar huquqlari faollari orasida norozilik uyg’otdi.
“U bizlarni jinoyatchi, zo’ravon deb atadi. Biz bunday emasmiz!” – deydi faollardan biri Xorxe Kabrera.
G’azablangan odamlar Tramp qiyofasidagi qo’g’irchoqlar yasab, milliarderni masxara qilmoqda.
Demokrat nomzodlar ham Trampni nishonga oldi.
“Agar Donald Tramp immigrantlarni qoralovchi nomzod bo’lmoqchi bo’lsa, 1840-yilga qaytsin va aksil-immigratsiya partiyasidan nomzod bo’lsin” – dedi Merilend shtati sobiq gubernatori, demokratlardan prezidentlikka da’vogar Martin O’Malli.
Ammo Trampning chiqishlari konservativ qarashdagi resublikachilarga ma’qul ko’rinadi.
“U shu qadar kutilmagan gaplarni gapiryaptiki, dim xonada shabada esgandek bo’lyapti. Shu sababdan u reytinglarda birinchi,” - deydi Respublikachilar partiyasi bo’yicha mutaxassis Skott Folkner.
Ammo boshqa respublikachilar Trampning bayonotlari partiya obro’siga putur yetkazishidan xavotirda.
“U Nyu-Gempshirdagi bahsgacha reytingda birinchi o’rinlarda qolishi mumkin. Tramp sahnaga chiqib, boshqalar bilan bahslashishni istaydi. U bunday bahslarga usta. Hammani hayronu lol qoldiradigan bayonotlar beradi. Odamlar fikri tubdan o’zgarib ketishi mumkin”, - deydi tahlilchi.
Donald Tramp g’alaba qozona oladimi?
“Uni hamma yaxshi taniydi. Tramp bahsga undovchi bayonotlar qilgan. Albatta, uning tarafdorlari yo’q emas, ayniqsa immigratsiya masalasida. Lekin, pirovardida, u Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo’la olmaydi,” – deydi sotsiolog Jon Fortye.
Shunga qaramay, Tramp boshqa partiyadosh da’vogarlar, shu jumladan Viskonsin gubernatori Skott Uokerni soyada qoldirdi.