AQSh Demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton saylovoldi iqtisodiy dasturini e’lon qildi. Sobiq tashqi ishlar vazirasi o’sishni ta’minlash va o’rta sinf maoshlarini oshirishni va’da qilmoqda. Respublikachilarga kelsak, prezidentlikka harakat qilayotgan da'vogarlar 15 ga yetdi.
Dushanba kuni Nyu-Yorkda nutq so’zlagan Hillari Klinton, agar prezident etib saylansa, iqtisodiy o’sish va tenglikni ta’minlashga, o’rtahol amerikaliklar daromadini oshirishga katta e’tibor qaratishini aytdi.
“Zamonamizning ustuvor vazifasi aniq - har bir fuqaro mehnatiga yarasha maosh olib, farovon hayot kechirishini ta'minlashimiz darkor. Barqaror iqtisodiy o’sish oilalar ahvolini yaxshilaydi, mamlakat kuchiga kuch qo'shadi. Prezident bo’lsam birinchi kundan boshlab shu masala bilan shug'ullanaman", - deydi Klinton.
U minimal maoshni oshirish, kompaniyalar foydani o'z ishchilari bilan bo'lishishi, soliq imtiyozlarini ko’paytirish takliflarini qo'llab-quvvatlaydi.
Demokratlar partiyasidan prezidentlikka yana bir da'vogar, Vermont senatori Berni Sanders ham Amerikada boy va kambag’allar orasidagi jarlik kengayib borayotganini tanqid qilib keladi.
“Eng badavlat fuqarolar qo’lidagi boylik qolgan 90 foiz aholi egalik qiladigan mol-mulk bilan teng. Bunday iqtisodiy tizim to’g’ri emas, barqaror ham bo'lolmaydi”, - deydi Sanders.
Shu hafta Respublikachilar partiyasidan poygaga Viskonsin gubernatori Skot Uoker qo’shildi. Biroq so’nggi kunlarda u va boshqa respublikachi da’vogarlar Donald Tramp soyasida qolib ketyapti. Milliarder Trampning noqonuniy immigratsiyaga qarshi bayonotlari katta shov-shuvga sabab bo’lmoqda.
“Men Meksikani mamlakat sifatida juda hurmat qilaman. Lekin muammo shundaki, Meksika rahbarlari bizlarnikidan ancha aqlliroq va ayyorroq. Chegarada ham, savdo masalalarida ham ular bizdan foydalanishyapti”, - deydi tadbirkor.
Reytinglarga qaraganda, respublikachi da’vogarlar orasida Donald Tramp Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bushdan keyin ikkinchi o’rinda.