Breaking News

Klinton demokratlarning yagona nomzodiga aylandi


Hillari Klinton saylovchilar oldida gapirish uchun minbarga chiqmoqda. Pitsburg, 14-iyun, 2016-yil.
Hillari Klinton saylovchilar oldida gapirish uchun minbarga chiqmoqda. Pitsburg, 14-iyun, 2016-yil.

14-iyun kuni AQShda prezident nomzodligi uchun partiyalarning ichki saylovlari rasman nihoyasiga yetdi. Poytaxt Vashingtonda o'tgan so'nggi saylovda Hillari Klinton partiyadoshi Berni Sanders ustidan g'alaba qozondi va Demokratlar partiyasining yagona nomzodiga aylandi.

Kecha Klinton va Sanders Vashington mehmonxonasida ko'rishib, kelasi oy bo'ladigan partiya syezdi dasturi haqida gaplashgan.

Sandersning aytishicha, u partiya yig'inida ham progressiv g'oyalarini olg'a suradi.

"Bu o'lkaning ishchi oilalari va kam daromadli odamlarini o'zida mujassam etgan Demokratlar partiyasini yaratish uchun qattiq ishlayapmiz. Filadelfiyaga 1900-2000 atrofida delegat olib kelamiz. Ular nimani xohlayotganini aytib qo'yay: ular Demokratlar partiyasi o'zgarishini istaydi, boylarga va qudratli doiralarga qarshi turib, aziyat chekayotgan millionlab odamlarni himoya qilishni xohlaydi", - dedi Sanders.

Uchrahuvda Klinton Sanders bilan maoshlarni oshirish, saylov kampaniyasini moliyalash tizimini isloh qilish hamda kollejlarda o'qish xarajatlarini kamaytirish kabi mavzularda gaplashgan.

Ular respublikachilardan Donald Trampni mag'lub etish zaruratini va buning ucun demokratlarni birlashtirish lozimligini ham tilga olgan.

"NBC News" o'tkazgan so'nggi so'rovga ko'ra, Klinton respublikachilar nomzodi Trampdan oldinda bormoqda.

Har ikki partiya iyul oyi o'rtalarida o'z kengashlarini o'tkazadi. Respublikachilar 18-20-iyul kunlari Ogayo shtatining Klivlend shahrida, demokratlar esa oradan bir hafta o'tib Filadelfiyada yig'iladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG