Qo’shma Shtatlar BMTni tashkilotning Migratsiya bo’yicha global shartnomasidan chiqishi haqida ma’lum qildi.
2016-yilda BMT Bosh Assambleyasining 193 a’zosi bir ovozdan Qochqinlar va migratsiya Nyu-York deklaratsiyasini qabul qilgan. Mamlakatlar qochqinlar huquqlarini hurmat qilishga, ularni qabul qilishda astoydil harakat qilishga, ta’lim va ish bilan ta’minlashga kelishib olgan. Aytish joiz, siyosiy bayonot ijrosi a’zolar uchun majburiy emas.
AQShning BMTdagi vakolatxonasi 2-dekabr kuni shartnomadan chiqishini izohlarkan, undagi ayrim bandlar Amerikaning immigratsiya va qochqinlarga doir siyosati va, xususan, Tramp ma’muriyatining immigratsion tamoyillariga zid ekanini ma’lum qildi.
4-dekabr kuni Meksikaning Puerto-Vallarta shahrida mirgatsiya bo’yicha global anjuman ish boshlaydi. Undan maqsad dunyodagi 60 milliondan ziyod qochqin taqdiri yuzasidan insonparvar strategiyani ishlab chiqish.
“Tashqi siyosat” (Foreign Policy) jurnaliga ko’ra, Prezident Donald Trampning bitimdan chiqish qarori ortida Oq uy siyosiy maslahatchisi Stiven Miller turibdi. 32 yashar Miller AQShga muhojirlarning kelishini keskin cheklash tarafdori.
Oq uy boshqaruvchisi Jon Kelli va Adliya vaziri Jeff Seshns bu qarorni qat’iyan qo’llab-quvvatlagan, deyiladi maqolada.
“Tashqi siyosat” jurnalida ma’lum qilinishicha, AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli prezident qaroridan norozi. Unga ko’ra, agar Qo’shma Shtatlar Meksikadagi anjumanda qatnashsa, migratsiya bo’yicha global muzokaralar natijasini o’z foydasiga hal qilgan bo’lardi. Biroq, deb yozadi nashr, Xeyli Tramp fikrini o’zgartira olmadi.
Elchining bayonotda bildirishicha, “Amerika immigratsiya bobidagi merosi va o’tmishi bilan, dunyo bo’ylab migrantlar va qochqinlarga ko’rsatayotgan yordami va bu boradagi uzoq muddatli ma’naviy liderligi bilan faxrlanadi”.
“Biz”, - deb yozadi elchi Xeyli, - “chegaralarimiz nazorati bilan o’zimiz shug’ullanib, kimni mamlakatga kiritishni o’zimiz hal qilamiz. Nyu-York deklaratsiyasida bitilgan global yondashuv AQSh suverenitetiga to’g’ri kelmaydi”.
Facebook Forum