Rossiyaning Amerika diplomatlari sonini kamaytirish talabi AQSh qonunchilari qat'iyatini pasaytirgani yo'q.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qabul qilishda demokratlar va respublikachilar yakdil bo'ldi. Senatning 100 a'zosidan 98 tasi uni yoqlab ovoz berdi. Respublikachi senator Syuzen Kollins fikricha, Rossiyaning AQSh elchilarini mamlakatdan chiqarish talabi qonunchilar qarashini o'zgartira olmaydi.
"Prezident Putin qandaydir qarshi choraga qo'l urishini kutgandim. Aslida AQSh sanksiyalariga uning qilgan ishi sabab bo'ldi. Rossiyaliklar xulq-atvorini o'zgartirishi kerak", - deydi senator.
Kongress qonunida nafaqat Rossiya, balki Shimoliy Koreya va Eronga ham qo'shimcha jazo choralari ko'zda tutilgan. Shuningdek, unda sanksiyalarni Kongress ruxsatisiz yumshatish mumkin emasligi belgilab qo'yildi.
"Prezident Putin Kongress roziligisiz bu jazo choralaridan qutila olmaydi. Bu narsa janob Putin va saylovimizga aralashish haqida o'ylayotgan boshqa davlatlarga saboq bo'lsin. Agar biz uchun muqaddas bo'lgan saylovimizga aralashsangiz, jazolanasiz. Bu choralar qattiq bo'ladi", - dedi Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer.
Respublikachi senator Jon Kornin ham Kongress qarorini to'g'ri deb hisoblaydi.
"Bu sanksiyalarni qabul qilganimizdan xursandman. Putinning qo'lida bizga qarshi ayrim kartalar bor, lekin umidim shuki, biz birga ishlay oladigan sohalarda, masalan, IShID va terrorga qarshi kurashda hamkorligimiz davom etadi", - deydi Kornin.
Kreml talabi bo'yicha AQSh vakolatxonalarida qisqartiriladigan xodimlar, asosan, mahalliy ishchilar bo'lishi kutilyapti.
Facebook Forum