AQSh Kongressi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi qonunni ma'qullagach, Kreml javob choralari ko'rilishini ma'lum qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, sanksiyalar AQShning xalqaro ishlarga haddan ortiq burun suqishi tasdig'idir.
"Biz Moskvadagi AQSh elchixonasi va bosh konsulligidagi diplomatlar hamda texnik xodimlar soni AQShdagi Rossiya diplomatlari va xodimlari soniga muvofiq ravishda kamaytirilishini taklif qilamiz", - deyiladi bayonotda.
Bu bilan Kreml Rossiyadagi AQSh diplomatlari va vakolatxona xodimlari sonini 455 taga tushirishni talab qilmoqda va bu jarayon avgustgacha tugatilishi lozimligini aytgan.
Rossiya, shuningdek, AQSh diplomatlariga Moskvadagi omborxonalari va "Serebryanniy Bor" parkidagi dam olish maskanidan foydalanishni taqiqlab qo'ydi.
AQShning qanday yo'l tutishiga qarab, biz yana qo'shimcha choralarga qo'l urishimiz mumkin, deya ogohlantiradi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.
AQSh Davlat departamenti Rossiya talabini olganini tasdiqladi. Elchi Jon Teft o'zining noroziligini va e'tirozini bildirdi.
AQSh qonunchilari 27-iyul kuni ma'qullagan qonunda Rossiya, shuningdek, Eron va Shimoliy Koreyaga qarshi yangi jazo choralari ko'zda tutilgan. Kongressning har ikki palatasi tasdig'idan o'tgan qonun Prezdent Tramp imzo chekkandan so'ng kuchga kiradi.
Rossiyaning 2016-yilgi AQSh saylovlariga aralashgani yuzasidan tergov boshlanishi ortidan qonunchilar Kremlni jazolash uchun shu qonun loyihasini ovozga qo'ygan edi.
Rossiya saylovga doir ayblovlarni inkor qiladi.
Tramp sanksiyalarga qarshi
Tramp Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qo'llanishini istamaydi. Ammo u qonunni ortga qaytarsa, Konress ko'pchilik ovoz bilan prezident vetosini bekor qilishi mumkin. AQSh rahbari, ayniqsa, qonunning sanksiyalarni yumshatish bo'yicha prezident aralashuvini cheklashga oid bandidan norozi.
Yevropa ittifoqi ham yangi sanksiyalardan xavotirda. Chunki u Yevropa energiya sektoriga ham ta'sir o'tkazishi mumkin.
Oq uy, dastlab, qonun tilini yumshatishga urinib ko'rdi, ammo biror natijaga erisha olgani yo'q. Tramp ma'muriyati endi sanksiyalarni qo'llab-quvvatlashini bildirmoqda.
"Prezident bu davlatlarga qo'yilgan sanksiyalarni qo'llab-quvvatlaydi va ular o'z kuchida qolishini xohlaydi. Ayni paytda yaxshi kelishuvlarni qo'lga kiritishimizni istaydi. Bularning har ikkisi prezident uchun juda muhim", - dedi Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi.
Rossiya matbuoti xabarlariga ko'ra, Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Sergey Ryabkov yangi sanksiyalar Moskva-Vashington aloqalarining yaxshilanishi bo'yicha umidlarni chippakka chiqarishidan ogohlantirgan.
Facebook Forum