Rossiya AQSh bilan hamkorlikda olib borilayotgan uch yillik yadroviy izlanishni bekor qildi. Amerika rasmiylari aloqalar sovuqlashib borayotganini "nihoyatda xavotirli masala" deb ta'riflaydi.
Kreml unga Ukraina sabab qo'yilgan sanksiyalardan norozi va oradagi rishtalarni shubha ostiga olmoqda.
To'xtatilayotgan loyiha plutoniy moddasi bilan bog'liq tadqiqotlar bo'lib, yadroviy energtika sohasida yangi burilishlar yasashi kutilayotgan edi.
AQSh va Rossiya tinchlik sulhi imzolashga urinmoqda lekin hozircha natijadan darak yo'q. Ukraina yuzasidan ham tomonlar yuzma-yuz gaplashib olgan lekin samarasiz.
Dunyo Ukraina masalasini unutsin deya harakat qilayotgan Rossiya, deydi tahlilchilar, diqqatini Suriyaga qaratib, o'zini jiddiy o'yinchi sifatida namoyon etmoqda.
Rossiya qonunchik palatasi Dumada so'zlar ekan, Prezident Vladimir Putin global siyosat xususida to'xtalib, har bir davlat qudratini oshirishiga haqli, dedi.
"Bizning qudratimiz - biz, bizning xalqimiz, an'ana, madaniyat va iqtisodimiz",- dedi Putin.
Jorj Vashington universitetidan Genri Xeyl tahlilicha, Kreml timsoliy o'zgarishlar qilib, Amerikani ogohlantirmoqchi va o'z yo'lida davom etishini namoyon etmoqda.
Rossiya Suriya hukumatini quvvatlashda davom etmoqda va har kuni uning bombalaridan qancha odam o'layotgani haqida lom-mim demaydi. Kreml nazarida uni hech kim savolga tuta olmaydi va bunday qilishga hatto dunyoning eng kuchli davlati Amerikaning ham haqqi yo'q. Moskva bilganidan qolmayapti va uni kim to'xtatishga qodir?
Obama ma'muriyati Putinni qanchalik qoralamasin, yaqin o'tmishda uning asabiga tegishga harakat qilmaslik va iloji boricha u bilan ishlash yo'lidan bordi, deydi ekspertlar.
Hozirda Vashingtonda norozilik kuchli, lekin AQSh Rossiyaga qarshi yana nima qila oladi?
Rossiya hukumati Amerikani ko'plab balolarda ayblaydi. Jumladan, Putinga qarshi namoyishlarni quvvatlaganlik va rangli inqiloblar qilganlikda. Vashington bu iddaolarni rad etadi lekin demokratiya tarafdori ekaniga urg'u beradi.
Rossiyada prezident saylovlari 2018-yilda o'tadi. AQSh quvvatlovi bilan namoyishlar va norozilik chiqishlari bo'lishi mumkin degan xavotir ostida hozirda xavfsizlik kuchlari choralarni kuchaytirmoqda.
Kreml AQSh yoki NATO bilan o'chakishni istamaydi. Uning maqsadi bu tomonlarni qoralagan holda o'z muddaolaridan yo'lidan borish, deydi mutaxassislar.
Vashingtonning javobi shuki, Putin qo'rquvga asoslangan siyosat olib bormoqda va bu Rossiyani yangi zamonga yetaklamaydi.