Breaking News

Obama Rossiya va Suriyaning Halabdagi hujumlarini "vahshiylik" deb atadi


New York City Department (FDNY) officers attend a funeral service of FDNY firefighter and U.S. Marine Christopher Slutman, in New York City, U.S.
New York City Department (FDNY) officers attend a funeral service of FDNY firefighter and U.S. Marine Christopher Slutman, in New York City, U.S.

AQSh Prezidenti Barak Obama Halab sharqida Rossiya va Suriya samolyotlari uyushtirgan havo hujumlarini "vahshiylik" deya qoraladi.

Oq uy ma'lumotiga ko'ra, Obama 29-sentabr kuni Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan telefon orqali so'zlashgan. Ularning har ikkisi Halabdagi to'qnashuvlarni to'xtatish va yordam yuklarini kiritish uchun asosiy mas'uliyat Assad rejimi va Rossiya zimmasiga ekanini aytgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri avvalroq Moskva bilan diplomatik muzokaralarni to'xtatishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Chunki Rossiya sharqiy Halabni bombalashda davom etmoqda, dedi u.

Kuzatuv guruhining ma'lumot berishicha, Rossiyaning Suriyada olib borgan havo amaliyotlari oqibatida 9000 odam o'lgan. Ular ichida oddiy fuqarolar ko'p.

Shuningdek, Halabda yuz minglab tinch aholi shahardan chiqolmay qolib ketgan. Ularning yarmi bolalar.

Rossiyaliklar hujumlarni davom ettirar ekan, muloqot o'tkazishdan mantiq yo'q, dedi Kerri.

"Bunday paytda biz boshqa muqobil yo'llarni izlashimizga to'g'ri keladi", - dedi AQSh Davlat kotibi.

Kerri so'zlovchisining aytishicha, Davlat departamenti hanuz Kreml bilan dialogni davom ettirmoqda, ammo uni to'xtatishga ham tayyor.

AQSh Rossiyani yaqin hamkori Suriya Prezidenti Bashar Assadga bosim o'tkazishga undamoqda. So'nggi kelishuv bo'yicha, Suriya hukumati BMT yordam yuklarining Halabga kirishiga ruxsat berishi kerak edi.

Rossiya va Suriya terrorchilarni nishonga olayotganini aytadi.

Ammo AQShga ko'ra, Rossiya va Suriya samolyotlari kasalxonalarni, qochoqlar lagerlari hamda suv va energiya manbalari kabi muhim obyektlarni o'qqa tutmoqda.

Halabni sharqiy tomondan isyonchilar qamalga olgan. Butun shahar Suriya kuchlari tomonidan o'rab olingan va tinimsiz havo zarbalariga duchor bo'lmoqda.

BMTning insonparvarlik yordami rahbari Stefan Obraynning Xavfsizlik kengashiga aytishicha, Halabda yuz berayotgan hodisalar odamni kuchli qayg'u va g'azabga soladi.

U jiddiy chora ko'rmayotgani uchun BMT diplomatlarini ham koyidi.

"Dunyo afkor ommasi sizni sud qiladi. Bu vahshiylikni to'xtatishning boshqa chorasi yo'q, shekilli", - dedi u.

Oq uyning aytishicha, Prezident Barak Obama xavfsizlik bo'yicha maslahatchilari bilan Suriya inqirozini hal qilishning yaxshiroq yo'llarini topish ustida ishlayapti.

Rossiya Halabda 48 soatlik sulhga amal qilishini aytdi, ammo AQSh taklif qilganidek, uzoqroq muddatli otashkesimga rozi emas.

Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva 9-sentabrda erishilgan kelishuvni yangilashga tayyor. Lekin Vashington so'nggi kunlarda bu haqda jiddiy xohish ko'rsatmayapti, dedi u.

BMT Halabdagi vaziyatni abgor deb atadi. Rasmiylarning aytishicha, tibbiy yordam va oziq-ovqat yetishmayapti. Shahardagi 250 ming aholi uchun 14 ming kishilik yegulik qolgan, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG