Breaking News

Rossiya AQSh partiyalari saytlariga hujum qilganmi?


Rossiya Amerikadagi partiyalar saytlariga xakerlik hujumi uyushtirgan degan taxminlar AQShni junbushga soldi. Mudofaa vaziri Eshton Karter Moskvani Amerikada noyabrdagi prezident saylovlariga burun suqmaslik haqida ogohlantirdi. Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp esa Rossiyaning aloqasi borligiga shubha qilmoqda.

Saylovlar - Amerika demokratiyasining yuragi - mazkur bahsning qoq markazida qolmoqda.

Saylov tizimi markazlashmagan. Har bir shtatda alohida saylovlar o'tadi.

Federal qidiruv idorasi aynan Arizona saylov rasmiylari bilan bog'lanib, Rossiya xakerlari bu shtat saylov tizimiga hujum qilganini, saylovchilarga oid ma'lumotni o'g'irlaganini ma'qul qilgan. Rossiya Demokratik partiyaning elektron pochtasiga ham xakerlik hamlasini amalga oshirgan, deydi ekspertlar.

Amerikaning Gruziya va Qozog'istondagi sobiq elchisi Vilyam Kortni deydiki, Kreml shu yo'lda davom etsa, yolg'izlanib qoladi:

"Yirik davlatlar mushtarak maqsadlar yo'lida birga ishlashi kerak. Masalan, Amerika va Xitoy global iqlim isishiga qarshi birga hamkorlik qilayapti. Qudratli mamlakat yakka ishlay olmaydi", - deydi u.

Respublikachi nomzod Donald Tramp esa bu ishga Rossiyaning aloqasi borligiga shubha qilmoqda:

"Ehtimoldan yiroq", - deydi u.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin voqeadan bexabarmiz, bu bizning ishimiz emas, deydi. Demokrat senator Ben Kardin nazarida esa:

"Oliy darajada bu strategiyaga rozilik berishgan bo'lishi kerak".

Xakerlar aralashuvi Amerikada prezident saylovlari natijalariga ta'sir qilishi mumkin, degan xavotir kuchli. Respublikachi senator Bob Korker:

"Raqamlar xolis ekaniga ishonch yo'qolishi mumkin", - deydi.

Elchi Kortni esa Davlat xavfsizligi vazirligi har bir shtat saylov tizimini himoya qilsa ma'qul bo'lar edi, deb hisoblaydi. Kompyuter xavfsizlik tizimini, virusga qarshi himoyani ta'minlab berishi kerak hukumat, deydi u.

Bu galgi prezident saylovlariga uch oydan kam vaqt qolayapti. Saylovlar 8-noyabrda o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG