Shu oy boshida ikki AQSh shtatidagi saylov ma'lumotlari xakerlar hujumiga uchragan. AQSh rasmiylari taxminiga ko'ra, hujum ortida Rossiya turibdi.
"So'nggi xakerlik hujumining Rossiya hukumatiga aloqador ekanini aniqlashga juda yaqin keldik", - dedi rasmiylardan biri "NBC News" telekanaliga.
Federal Qidiruv Byurosi saylovga oid ma'lumotlari o'girlangan ikki shtat qaysilar ekanini aytmagan, ammo "Yahoo News" ma'lumotiga ko'ra, Arizona va Illinoys shtatlari haqida gap ketmoqda.
Illinoys shtatida 200 ming atrofidagi saylovchilarga oid ma'lumot o'girlanishi ortidan saylovchilarni ro'yxatga olish tizimi 10 kungacha ishlamagan.
Arizona shtatida saylov tizimiga ulangan kompyuterga zararli dastur yuklanishi orqali ma'lumotlar o'girlangan.
FQB mahalliy huquq-tartibot organlarini kompyuter xavfsizlik tizimlarini kuchaytirishga chaqirmoqda.
Demokratlar milliy qo'mitasiga uyushtirlgan xakerlik hujumini ham Rossiya hukumatiga aloqador shaxslar amalga oshirgani aytilgan edi. Rossiya bu kiber jinoyatlarga aloqadorligini inkor qilmoqda.
Federal hukumat rasmiylarining ogohlantirishicha, Rossiya uchun ishlayotgan xakerlar noyabr oyida bo'ladigan prezidentlik saylovini buzishga urinishi mumkin.