Breaking News

Rossiyaga "Klinton elektron pochtasini tekshiring" degan Tramp chekinmoqda


Donald Tramp
Donald Tramp

AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Donald Tramp Rossiyadan demokrat nomzod Hillari Klinton elektron pochtasiga xakerlik hujumi uyushtirib, g’oyib bo’lgan maktublarni topishni so’raganida aslida kesatganini ta’kidlamoqda.

Chorshanba kuni Demokratlar qurultoyida nutq so’zlagan sobiq Mudofaa vaziri va Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq boshlig’i Leon Panetta bu xususda munosabat bildirib, “qanday qilib prezidentlikka nomzod shu qadar mas’uliyatsiz bo’lishi mumkin, aql bovar qilmaydi”, dedi.

Payshanba kuni “Fox” telekanaliga intervyu bergan Tramp “albatta, men kesatiq bilan gapirgandim”, deb aytdi.

Klinton 2009-2013-yilda davlat kotibi bo’lganida hukumat serveri o’rniga xususiy serverdan foydalangan, so’ngra 33 mingta elektron maktubni kompyuter xotirasidan o’chirib tashlagan. Bunga tushuntirish bergan arbob u maktublarning ishga aloqasi yo’q edi, deb aytdi. Ish yuzasidan yo’llangan maktublarning 30 mingtasini esa hukumat nomidan taftish o’tkazayotgan guruhga taqdim etgan edi.

AQSh Federal qidiruv byurosi bu taftish natijasida kelgan xulosaga ko’ra, Klinton maxfiy ma’lumot bilan ishlaganida yetarlicha ehtiyot bo’lmagan, ammo hech qanday sirlarni oshkor etmagan, shu bois unga qarshi jinoiy ish qo’zg’ashga asos yo’q.

Klintonni qulatish niyatida bo’lgan respublikachilar esa Rossiya yoki boshqa davlat hukumati serverga xakerlik hujumi uyushtirib, o’chirilgan maktublar nusxasini qo’lga kiritgan bo’lishi mumkin, demoqda.

Chorshanba kuni Tramp, ovozida hech qanday istehzosiz, juda jiddiy ohanda, “Rossiyadagilar, agar meni eshitayotgan bo’lsangiz, sizga bir gap aytaman. Yo’qolgan 30 mingta elektron maktubni topasiz degan umiddaman. Bizning matbuot buning uchun katta mukofot berishga tayyor, deb o’ylayman”, deb aytgan edi. U, shuningdek, Moskva Klinton yozishmalarini qo’lga kiritib bo’lgan, deya taxmin qildi.

Bunga javoban Klinton jamoasi “tarixda ilk bor prezidentlikka nomzod xorijiy hukumatni siyosiy raqibga qarshi josuslik amaliyotini o’tkazishga da’vat etdi”, deb aytdi.

Bundan oldin Demokratlar partiyasi qo’mitasi kompyuterlariga qarshi uyushtirilgan va ko’plab maktublarning oshkor etilishiga yetaklagan xakerlik hujumi ortida Rossiya turgani haqida iddaolar tarqagan edi. Turli ma’lumotlarni oshkor etishi bilan tanilgan “WikiLeaks” sayti Demokratlar partiyasi qurultoyi arafasida 20 mingta elektron maktubni oshkor etdi. Ulardan Demokratlar partiyasi rahbariyati saylovoldi kampaniyasi boshidanoq Klintonni qo’llab-quvvatlagani va uning asosiy raqibi Berni Sandersga to’siqlar qo’ygani ma’lum bo’ldi. Natijada partiya saflarida ziddiyatlar vujudga keldi, partiya qo’mitasi raisi iste’fo berishga majbur bo’ldi. Ammo qurultoyning ikkinchi kuni yagona nomzod uchun rasman ovoz berilayotganida partiyada tarqoqlikka yo’l qo’ymaslikni istagan Sanders Klintonni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tramp tarafdori ekani sababli Kreml Klintonni qulatish uchun partiya yozishmalarini tarqatgan, demoqda demokratlar. Rossiya xakerlik xurujida qo’li borligi haqidagi iddaolarni rad etdi. AQSh Federal qidiruv byurosi masalani taftish etmoqda.

Tramp esa Putinga aloqam yo’q, deya ta’kidlamoqda. O’zining “Putin Obamaga qaraganda yaxshiroq lider” degan so’zlarini izohlar ekan, “bu hammaga yaxshi ma’lum”, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG