Breaking News

Klinton shaxsiy pochtadan foydalangani uchun jazolanmaydi


Boshqa davlatlarga safarlari paytida Klinton shaxsiy komputerlardan, shaxsiy pochtadan keng foydalangan, ishga doir yozishmalar olib borgan.
Boshqa davlatlarga safarlari paytida Klinton shaxsiy komputerlardan, shaxsiy pochtadan keng foydalangan, ishga doir yozishmalar olib borgan.

Hillari Klinton davlat kotibi lavozimida ishlagan paytida xizmat uchun shaxsiy elektron pochtadan foydalangani uchun jazolanmaydi.

Federal qidiruv idorasi rahbari Jeyms Komi izchil tekshiruvdan so'ng ana shunday xulosaga kelindi, demoqda.

Prezidentlikka da'vogar demokrat Klinton shu tariqa poygada jiddiy to'siqdan xalos bo'lgan ko'rinadi.

Klintonga qarshi jinoiy ish qo'zg'atishni tavsiya qila olmayman, deydi Komi.

Shu bilan birga, Komining aytishicha, Klinton va uning qo'lida ishlagan odamlar maxfiy ma'lumot bilan ehtiyot muomala qilmagan. Nihoyatda e'tiborsiz ishlashgan. Holbuki, Klinton xususiy e-maildan foydalanish xatarli ekani, davlat sirlari bilan ishlayotgan arbob ehtiyot bo'lishi kerakligi haqida ogohlantirish olgan.

Federal qidiruv idorasi rahbari deydiki, Klinton har xil komputer va mobil telefonlar orqali shaxsiy hamda ishga doir elektron pochtasini tekshirgan, yozishmalar olib borgan. Xususan, boshqa davlatlarga safarlari paytida Klinton shaxsiy komputerlardan keng foydalangan. G'anim shaxslar bu ma'lumotni qo'lga kiritishi hech gapmas edi, deydi u.

110 elektron maktub o'ta maxfiy ma'lumotni o'z ichiga olgani aytilmoqda.

Klinton esa shaxsiy yozishmalari jamoatchilikka ayon bo'lmasligi uchun xususiy elektron pochtasidan foydalanganini da'vo qiladi.

Federal qidiruv idorasi bir yil davomida bu ishni tergov qildi. Rasmiylar Klinton xonimni shanba kuni uch yarim soat davomida so'roq qilgan. Undan avval sobiq davlat kotibi qo'lida ishlayotgan shaxslar ham savol-javob qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG