Amerikaga qarshi kiberxurujlarga aralashganlikda ayblangan rossiyalik bir necha tashkilot va shaxslarga nisbatan joriy etilgan yangi jazo choralari AQSh qonunchilari tomonidan iliq kutib olindi. Tramp ma'muriyatining bu qarorini Kapitoliyda har ikki partiya qo'llab-quvvatladi. Respublikachi senator Tom Tillisning aytishicha, bu sanksiyalar Rossiyaga zarur bo'lgan kerakli bosimni ko'rsata oladi.
"Ularning manfur qilmishlarini, xoh kiber bo'lsin yoki boshqa, to'xtatish yo'lini topishimiz kerak. Allaqachon buning chorasini ko'rishimiz kerak edi", - deydi u.
"Ko'p bo'lmasa ham, hech narsadan ko'ra shunisi ham yaxshi", - deydi demokrat senator Patrik Lixi.
Uning qo'shimcha qilishicha, Rossiyaning saylovga aralashuviga ko'z yumib kelgan Oq uyning bunday choraga qo'l urishi olqishlanarli holat.
"Allaqachon qilish kerak edi. Bu ma'muriyat Rossiya bizga qilgan hujumlardan ko'z yumib kelayotgan edi. Razvedka xizmatlarimiz aniq qilib aytishdi. Ular saylovimizni buzishga urinishdi va yana shunday qilishiga shubha yo'q", - deydi u.
Yangi jazo choralari orqali rossiyalik xakerlar, kibertrollar va josuslik agentliklarining mol-mulki muzlatildi va amerikaliklarga ular bilan ishlash taqiqlandi.
Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi respublikachi Bob Korkerning aytishicha, ma'muriyat Moskvani qat'iy prinsiplar asosida jazoladi va bu davom etadi.
"Rossiya oligarxlariga qarshi yanada ko'proq sanksiyalar bo'ladi. Shunday bo'lishiga ishonchim komil", - dedi u.
AQSh hukumati ayni paytda Angliyada sobiq rus josusi va uning qizi zaharlanishi ortida Rossiya turgani haqidagi xulosaga qo'shilishini bildirdi. Vashington Britaniya, Fransiya va Germaniya hukumatlari bilan birgalikda Kreml xatti-harakatini qoralovchi qo'shma bayonot chiqardi.
Facebook Forum