Breaking News

AQShda motam, Kolorado fojiasi qurbonlari xotirlanmoqda


Kecha qonli voqealarni boshdan kechirgan Qo’shma Shtatlar motamda. 24 yoshli talaba Jeyms Xolms Kolorado shtatidagi bir kinoteatrda begunoh insonlarga hujum qilib, 12 nafarini o’ldirgan, 79 kishi jarohat olgan. Shulardan 11 nafari og’ir ahvolda.



Jeyms Xolms ayni paytda hibsda, so’roq qilinmoqda. Portlovchi moslamalar bo’yicha mutaxassislar kechadan beri uning uyiga kirishga urinyapti. Uning biror terror guruhiga aloqador ekanini isbotlovchi dalillar hozircha yo’q.

Kolorado shtatining Avrora shahrida, Batman – “Qora Ritsar” filmining tungi premyerasi paytida Xolms orqa eshikdan zalga kirib, ko’zni yoshlantiruvchi kanistrlarni uloqtirib, so’ngra otishma boshlagan. O’lganlar orasida harbiylar ham bor.
Jeyms Xolms
Jeyms Xolms

Politsiyaning aytishicha, hujumchining o’q o’tmaydigan jileti bo’lgan, bir o’zi harakat qilgan. Asli kaliforniyalik Jeyms Xolms ziyoli oiladan. Kolorado Universitetida a’lo baholarda o’qigani, tibbiyot maktabini yaqinda tashlab ketgani aytiladi.

Uni otishmadan bir necha daqiqa o’tmasdan kinoteatr orqasidagi parkovkada, hech qanday qarshiliksiz qo’lga olishgan. Yonida gaz maskasi, miltiq va pichog’i bo’lgan. Uni bu mudhish jinoyatga yetaklagan sabablar hozircha noma’lum.

Prezident Barak Obama va uning respublikachi raqibi Mitt Romni Florida va boshqa shtatlarda rejalagan saylovoldi targ’ibot ishlarini bekor qilib, qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.

Bunday qatliom so’nggi bor Qo’shma Shtatlarda 2009-yilda, Texas shtatida harbiy bazada ro’y bergan. Musulmon harbiy o’shanda 13 kishini otib o’ldirgan edi.

Kolorado fojiasi ketidan qurolga egalik qilish bo’yicha bahslar yana avjida. Ko’pgina shtatlarda qurol-yarog’ sotib olish va uni yoningizda olib yurish qonuniy hisoblanadi. Ko’plab fuqarolar bu shaxsiy himoya uchun zarur, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG