Breaking News

“Jonli timsol” bo’lish ham ishmi? Albatta, deydi amerikaliklar


Amerikada qiziqarli bir kasb bor. U ham bo’lsa “jonli timsol” bo’lib ishlash. Sport musobaqalarida bu kasb vakillari kostyum kiyib, jamoa va sportchilarni qo’llab-quvvatlaydi, tomoshabinlar oldida chiqish qilib, kayfiyatini ko’taradi. Yirik kompaniyalar bunday “jonli timsollar” dan reklama maqsadida foydalanadi.

Pensilvaniya shtatining Xarrisburg shahridagi yozgi lager.

“Men mushukman. Bu obraz ustida ancha ishladim. Mehnatim, harakatlarim foyda beradi deb o’ylayman”.

Jess King - universitet talabasi. Lagerga birinchi kelishi.

Bu yerga har mavsum keladiganlar ham bor. Masalan, Frenk Vesp. U sport musobaqalarida ishlaydi.

“Lagerga kelganlar bilan bilim, tajriba almashaman. O’zim ham o’rganaman”.

Qush bo’lib kiyingan Karen Simmons - restoran timsoli.

“11 yildan beri shu ishni qilaman. Ish emas bu men uchun, dam. Davlat idorasida ertadan kechgacha ter to’kkandan keyin charchaydi-da odam. Bu yerda esa jismoniy harakat bor, xursandsiz”.

Lager rahbari Erin Blank ham tajribali mutaxassis.

“Keystone kompaniyasi timsoli bo’lib ishlayotganimga 15 yildan oshdi. O’shanda menga o’xshaganlarga talab katta edi. Bizning kasbda biroz artist bo’lish kerak. Buni hamma ham uddalavermaydi”.



Lagerda aktyorlik mahoratidan dars beriladi – his-tuyg’ularni ifoda eta bilish kerak. Xavfsizlik choralarini ham bilish kerak. Kasbiy ahloq qoidalari ham bor, deydi Blank.

“Tashkilot namoyondasi bo’lganingizdan keyin uni himoya qilish shart. Sport, maktab, kichik firma yoki yirik korporatsiya, biz eng yaxshi timsol bo’lib, ijobiy obraz yaratib, odamlarni ishontira olishimiz kerak”.

Blank yoshligidan shu ish bilan shug’ullanishni orzu qilgan. 10 yoshidan buyon turli sport jamoalari va tashkilotlar timsoli bo’lib ishlaydi.

“Yoshim 42 da. Halli ham jonli timsolman. O’rganib qolarkan odam. To’rt marta ishimni tashlashga uringanman. Bo’lmadi. Safdoshlarimiz orasida eng keksa odam 72 da. Demak, mening hali vaqtim bor”.

Ishning qiyin jihatlari ham yo’q emas. Kostyumlarni Blankning o’zi yasaydi. Qanday kiyishni biladi. Boshqalarga ham o’rgatadi.

"Kostyum ishimizning bir qismi. Ichidagi harorat tashqariga qaraganda besh daraja issiqroq bo’ladi. Nam. O’zingizni parxonada o’tirgandek sezasiz”.

Amerikada ularni “mascot” deb atashadi. Oddiy odamlar, ammo maxsus kiyimlarni kiyganida ular mahsulot, hayvon va boshqa narsalarga aylanadi. Eng qiziq tomoni ham shu, deydi ular. Yurak shodlanadi.

"Jonli timsol" ham kasb/Becoming a Sports Mascot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:21 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG