Breaking News

Snouden yangi video orqali qarorini tushuntirmoqda


AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq kompyuterchisi Edvard Snouden fuqaro va tashkilotlar faoliyatini zimdan kuzatishga ruxsat bergan davlat dasturiga oid ma’lumotni o’tgan oyda oshkor etgani sabablarini yangi video orqali tushuntirishga harakat qildi.

Britaniyaning “Guardian” gazetasi 9-iyul kuni o’tgan oyda (6-iyun) olingan videoni tarqatdi. O’sha paytda Gonkongda bo’lgan Snouden AQSh uni josuslikda ayblashini yaxshi bilganini aytadi. 30 yoshli Snouden, shuningdek, fuqarolar telefon qo’ng’iroqlarini va potensial terrorchilarning internet aloqalarini kuzatish noto’g’ri ekanini ta’kidlaydi.

“Ular ushbu tizimni oshkor etganim uchun meni dushmanga yordam berganlikda ayblaydi. Ammo ommaviy ravishda odamlarni zimdan kuzatish haqidagi ma’lumotni oshkor etgan har bir odamga bunday ayblov qo’yish mumkin, chunki bunday tizim bizni o’z-o’zidan dushman qatoriga qo’yadi”, - deydi u.

“Men aytgan har bir gap, qo’ygan har bir qadamim, men gaplashgan har bir odam - muhabbat izhor qilamanmi yoki do’stlik haqida gapiramanmi - kuzatib boriladigan dunyoda yashashni istamayman”, - deydi Snouden.

U Milliy xavfsizlik agentligi kuzatuvlar ko’lamini cheklash haqida o’ylamayotgani sababli bu haqdagi ma’lumotni ommaga oshkor etganini aytadi.

Bir necha mamlakatdan siyosiy boshpana so’ragan Snouden hozirda Moskva aeroportining tranzit zonasida yashamoqda. Rasmiy Moskva uni AQShga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi, lekin boshqa mamlakatga chiqib ketishini so’radi. AQSh esa Snoudenning pasportini bekor qildi. Venesuela va Nikaragua Snoudenga boshpana taklif etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG