Breaking News

AQSh: Vashingtonda Tayvan bayrog'i ko'tarilganidan bexabarmiz


AQSh rasmiylari Yangi yil kuni Vashingtondagi Tayvan vakili yashaydigan uyda Tayvan bayrog'i ko'tarilganidan bexabar bo'lganini ta'kidladi. AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jen Psakining aytishicha, tadbirda biror AQSh rasmiysi ishtirok etmagan va AQSh hukumatining hodisadan mutlaqo xabari bo'lmagan.

"1-yanvar kuni Tvin Oksda bayroq ko'tarish marosimi bo'lganidan bexabarmiz. U AQSh siyosatiga zid holatda o'tkazilgan. Tayvan bilan aloqalar to'g'risidagi qonun hamda uchta kelishuv asosida qabul qilingan yagona Xitoy siyosatiga rioya qilishda davom etamiz. Bu tadbirda biror AQSh rasmiysi hech qanday shaklda ishtirok etgani yo'q", - dedi Psaki.

Xitoy bo'lib o'tgan hodisani qoralab chiqdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Vashingtonni yagona Xitoy siyosati shartlariga rioya qilishga hamda Tayvan hodisasini ehtiyotkorlik va to'g'ri yo'l bilan hal qilishga chaqirdi.

"Amerika ovozi"ning Xitoy xizmati xabariga ko'ra, 1979-yilda qabul qilingan AQSh-Xitoy kelishuvidan beri o'tgan 36 yilda Yangi yil kuni AQShda ilk bor Tayvan bayrog'i ko'tarilgan. Hujjatda Xitoyning yagona namoyandasi sifatida rasmiy Pekin tan olingan va Tayvan Xitoyning bir qismi sifatida e'tirof etilgan.

"The Taipei Times" gazetasi bayroq ko'tarish hodisasini AQSh-Tayvan aloqlalaridagi muhim ijobiy o'zgarish deb atagan. Unda yozilishicha, bayroq ko'tarish tadbiri haqida AQSh hukumatiga oldindan xabar berilgan va unga Vashingtonning ruxsati olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG