"TikTok" ijtimoiy tarmog'idagi videolari bahslarga sabab bo'lgan amerikalik o'smir Xitoydagi uyg'urlar ahvoliga e'tibor qaratishda davom etishini, Pekinning "haqiqatni yashirish"ga urinishlari bunga to'siq bo'lmasligini aytadi.
17 yoshli Firuza Aziz Nyu-Jersi shtatida yashaydi. U uyg'urlarga nisbatan Pekin siyosatini qoralab, Xitoyga qarashli tarmoqda uch video joylashtirgani uchun sahifasi yopilgan. Makiyaj bo'yicha darslik sifatida niqoblangan bu videolarni millionlab odam tomosha qilgan.
"Birinchi video uyg'urlarning konsentratsion lagerlarga tashlangani haqida edi. Ertasiga qarasam, millionlab odam ko'rib ulguribdi. Shunda shu mavzu bo'yicha yana ikkita video joyladim", - deydi Firuza "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Xitoy shimoli-g'arbidagi Shinjon mintaqasida taxminan 13 million uyg'ur va boshqa musulmon ozchilik xalqlar yashaydi. Ularni katta sonda qayta tarbiyalanish lagerlarida saqlayotgani uchun Pekinga tanqidlar yog'ilmoqda.
AQSh hukumati va inson huquqlari tashkilotlari hisobicha, uyg'ur aholisining 10 foizi hibsda. Pekin bu lagerlarni "kasb-hunar o'rganish markazlari" deb ataydi.
Uzr
Afg'onistonlik muhojirlar oilasida ulg'aygan Firuzaning aytishicha, "TikTok" ilovasi xodimlari uning sahifasi "moderatorlik xatosi" tufayli bloklanganini aytib uzr so'ragan.
"Sizning videoingiz kabi kontent qoidalarga zid emas va o'chirilmasligi kerak edi", - deydi "TikTok"ning AQShdagi vakili Erik Xan.
"Noto'g'ri ish qilishganini bilishadi va buni yashirishga harakat qilishyapti", - deydi yosh faol. U barcha platformalarda uyg'urlar haqidagi xabardorlikni oshirishda davom etishini aytadi.
So'nggi oylarda "TikTok" ilovasining Xitoydagi "Douyin" deb atalmish versiyasida ham faollar lagerlarda bedarak yo'qolgan oila a'zolari haqida turli yo'llar bilan ma'lumot ulashishga harakat qilmoqda.
Xitoy hukumati senzurasi va ta'qiblarini bartaraf etish uchun uyg'ur faollar Firuza qo'llagan usuldan foydalanadi: masalan, fonda eski bir suratni qo'yib, videodagi odam yig'lab yoki imo-ishora bilan o'zini tushuntiradi.
Biroq Xitoy senzorlari boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqatilgan bu videolarning aksariyatini o'chirib tashlagan, deya yozadi "The Wall Street Journal" nashri.
Maxfiy hujjatlar
Shu oy boshida Xitoy hukumatining maxfiy hujjatlari fosh bo'ldi. Ularda lagerlarni qanday yuritish va odamlarni qanday nishonga olish bo'yicha ko'rsatmalar berilgan. Hujjatlardan ma'lumki, lagerlar Pekin da'vo qilganidek ixtiyoriy ish o'rgatish markazlari emas.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, Xitoy hukumati uyg'ur va boshqa musulmon guruhlarga nisbatan shafqatsiz va sistematik repressiya olib borayotgani ayon. Vashington Pekinni aybsiz fuqarolarni zudlik bilan ozod etishga, o'z fuqarolarini ezayotgan qarorlarni bekor qilishga chaqiradi.
"Terrorizmga qarshi kurash bahonasida Xitoy hukumati 2017-yildan beri Shinjonda bir milliondan ortiq uyg'ur va boshqa musulmon ozchilik guruhlar vakillarini hibsga olgan", deyiladi Davlat departamenti hisobotida.
Hujjatlar fosh etilganidan so'ng Britaniya Xitoyni BMT kuzatuvchilariga lagerlarga to'siqsiz kirish imkoniyatini berishga undadi. Tanqidlar Yevropa Ittifoqidan ham yog'ilmoqda.
"Xitoydan xalqaro majburiyatlarini bajarishini, inson huquqlariga hurmat ko'rsatishini kutamiz, xususan, Shinjon va Tibetda", deyiladi Yevropa Komissiyasi bayonotida.
Facebook Forum