Obama ma’muriyati rasmiylarining aytishicha, Tailandda yuz bergan siyosiy inqirozga mamlakat harbiylarining aralashishi mumkinligi haqida xavotirlar yo’q. 2006-yili ro’y bergan siyosiy tanglikda Tailand armiyasi hukumatni egallab olgan edi. Vashingtonda o’tgan yig’inda mutaxassislar shu haqda fikr yuritdi.
Janubiy va janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha Mudofaa vaziri o’rinbosari Emi Siyerayt Tailand siyosiy inqirozni boshdan kechirayotganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, AQSh Tailand xalqi tanlagan yo’lni hurmat qiladi.“Mudofaa vazirligi Tailand qurolli kuchlarining aralashishdan o’zini tiyganini olqishlaydi. Bu Tailandda fuqarolik va harbiy institutlar o’rtasidagi aloqalarning to’g’ri yo’ldan ketayotganini ko’rsatadi”, - dedi u.
Siyeraytga ko’ra, Tailand harbiylarining aralashishdan o’zini tiygani strategik qaror bo’lib, 2006-yilgi harbiy to’ntatish davrida olingan saboqlar asosida armiya ortiq siyosatga aralashish niyatida emasligini ko’rsatdi.
“Ular bundan buyon ham professional ish tutib, siyosatga aralashmasligiga ishonchimiz komilmi? Bu savolga ha deb javob berishga asosimiz bor. Ammo vaziyat murakkab, har narsa ro’y berishi mumkin. Biz vaziyatni yaqindan kuzatib, Tailanddagi hamkorlarimiz bilan aloqa qilib turibmiz. Shuning uchun nima bo’lishi haqida oldindan aniq bir gap aytib bo’lmaydi. Ammo harbiylar hozir tutgan mavqelarini o’zgartirishiga asos ko’rmayapmiz”, - deydi mudofaa vaziri o’rinbosari.
Rasmiyning aytishicha, bu og’ir kunlarda AQSh Tailanddan o’z yordamini ayamaydi va hozir ikki mamlakat o’rtasidagi harbiy aloqalar har doimgidan ham a’lo darajada.
O’tgan hafta Tailand Bosh vaziri Yinglak Shinavatra korrupsiyada ayblanib, Konstitutsiyaviy sud qarori bilan vazifasidan ozod etilgach, mamlakat boshqaruvi muvaqqat o’tish hukumati ixtiyoriga topshirildi. 20-iyul kuni parlament uchun navbatdagi saylovlar bo’lib o’tishi kutilyapti.
Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo’yicha Davlat departamenti o’rinbosari bosh yordamchisi Skot Marsielning aytishicha, Vashington Tailanddagi siyosiy inqirozni bartaraf etish jarayoniga aralashmayapti. Unga ko’ra, Tailand AQShning ittifoqchisi, yaqin do’sti hamda muhim savdo hamkori hisoblanadi.
“Biz uchun bu davlatning siyosiy barqarorligi va demokratiyasi qadrli. U tez orada o’z muammolarini hal qiladi, deb umid qilamiz. Biz bu muammolarning konstitutsiya va demokratiya talablari asosida va albatta, tinch yo’l bilan hal qilinishini istaymiz”, - deydi Marsiel.
Janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha ekspert Ernest Bouerga ko’ra, Tailanddagi siyosiy ixtiloflar hali-veri tugamaydi.
“Bu yuz yildan beri davom etib kelayotgan hokimiyat kurashi. Bu yerda eng muhim narsa qirollikning kimga o’tishi bilan bog’liq. Kim bosh vazir bo’lishi yoki kim hukumatdan ag’darilishidan qat’i nazar, qirol taxtini kim egallashi aniq bo’lmaguncha, kurash davom etaveradi. Demak, shungacha biror o’zgarish bo’lishidan umid qilmasak ham bo’ladi. Bu o’zgarish yuz berganda esa, Tailand do’stlarining yordamiga muhtoj bo’ladi va biz osha paytda ularga yordam qo’lini cho’zishimiz kerak”, - deydi u.
O’tgan hafta 86 yoshli qirol Pumipun Adunyedet o’z qirolligining 64 yilligiga bag’ishlangan tadbirda ko’rinish berdi.
Bouerning aytishicha, Vashington Tailandning bacha jabhalarida yaxshi aloqalar o’rnatgan va shu bois mamlakatga ta’sir o’tkazish imkoniyatiga ega.
Unga ko’ra, Tailandning kuchli va barqaror bo’lishi AQSh uchun muhim. Chunki Bangkok dunyo va mintaqa iqtisodiyotida muhim o’ringa ega bo’lib, shuningdek, xavfsizlik bo’yicha Vashingtonning yaqin hamkori hisoblanadi.