AQSh hukumati tan olishicha, mamlakatga chetdan ishchi kerak. Qo'shimcha 15 ming odam qabul qilinishi ko'zlanmoqda. Ularga muhtoj bizneslar moliya yilining oxirigacha, ya'ni oktabr oyigacha bu borada tegishli hujjatlarni davlatga topshirishi kerak. Gap vaqtincha muddatga yollanadigan ishchilar haqida ketmoqda.
Rasmiylarning aytishicha, qaror faqat shu yilga taalluqli. Kelasi yil uchun yangi qarorlar chiqadi.
Prezident Donald Tramp ish o'rinlari avvalo Amerika fuqarolar uchun berilsin, degan talabni olg'a surmoqda. Xorijga arzon ishchi kuchi izlab ketgan kompaniyalarni ortga qaytarmoqchi va vatanda muhojirlarni yollayotganlarni avvalo mahalliy odamlarga e'tibor qaratishga chorlamoqda.
Biroq restoranlar, mehmonxonalar va boshqa xizmat ko'rsatish bizneslari xorijlik mehnatlashlarsiz o'z faoliyatini tasavvur qilolmaydi. Amerikaliklar bu ishlarga ixlosmand emas, deydi tadbirkorlar.
Vaqtincha ish vizasi H-2B nomi bilan tanilgan. Har yili 66 ming odamga beriladi. 33 ming nafari yilning birinchi yarmida, qolgani esa ikkinchi yarmida yollanadi.
Moliyaviy yilga binoan, birinchi qism 1-oktabrdan 31 martgacha, ikkinchi qism esa 1-apreldan 30-sentabrgacha.
2015-yildan beri vaziyat o'zgarib, o'tgan yili H-2B vizasi olganlar qariyb 85 mingni tashkil etgan.
Kongress bunga ruxsat bermay qo'ydi va bugunga kelib, minglab bizneslar siyosatdan nolib, murojaat qilgan.
Hukumatga ko'ra, ortiqcha ishchi kerak bo'lganda kompaniyalar o'z dardini davlatga tushuntira olishi va buning uchun mavjud qoidalarga rioya qilishi lozim. Bu qoidalar har yili yangilanadi va tarqatiladi.
Prezident Tramp o'tmishda va hozir ham H-2B viza dasturidan foydalangan. Florida shtatidagi shaxsiy klubida, masalan, xorijdan yollangan odamlar ishlaydi.
Facebook Forum