Breaking News

AQShda o'z yo'lini topayotgan afg'onistonlik muhojir hikoyasi


AQShga Afg'onistondan kelgan Muhammad Mashuq Davlatiy ish ustida
AQShga Afg'onistondan kelgan Muhammad Mashuq Davlatiy ish ustida

AQShga kelgan qochoqlarga uy-joy topish, oziq-ovqat va yashash xarajatlari uchun bir martalik pul yordami beriladi. Bu pul tugaguncha ular ish topib, o'zlarini eplab ketishi kerak. Afg'onistonlik qochoqlardan biri boshida turli ishlarni qildi, hozir aravada ovqat sotadigan biznesiga ega.

Tushlik payti ish qiziydi. Ko'pchilik yaqin-atrofda ishlaydigan doimiy mijozlar.

Muhammad Mashuq Davlatiy ingliz tilida ravon gapiradi. Chunki Afg'onistonda xalqaro kuchlar uchun tarjimonlik qilgan.

"Mening va oilamning hayoti Tolibon, Al-Qoida va Haqqoniy tarmog'i kabi kuchlar tomonidan jiddiy tahdid ostida edi. Ko'plab tarjimonlar o'ldirildi. O'g'irlab ketilgan va keyin o'ldirilgan. Eng yomon holatlarda boshlari uzilgan. Doim yomon odamlardan turli tahdid maktublarini olganmiz", - deydi u.

Davlatiy vatanini tark etishga qaror qildi. Rafiqasi va ikki farzandi bilan maxsus viza orqali to'rt yil avval AQShga keldi. Uchinchi farzandlari shu yerda tug'ildi. Amerika askarlariga sakkiz yil xizmat qilib, u AQShda hayoti osonroq bo'lishini umid qilgan edi.

"Ular hayotimizni saqlab qolish uchun Amerikaga kelishimizga viza berishdi. Lekin ko'p yordam berishmadi. Ish topishda hech qanday yordam olmadik", - deydi Davlatiy.

Uning aytishicha, til bilishi va avvalgi tajribasi bu o'lkada ish topishiga hech qanday foyda bermadi.

"Qayerga borishni, qayerda ishga topshirishni bilmaysiz. Restoran kabi joylarga piyoda borib, ish qidirasiz, ular bilan yuzma-yuz gaplashasiz. Menga va ayrim do'stlarimga ish topish uchun olti oy vaqt ketdi", - deydi afg'onistonlik muhojir.

Davlatiy, dastlab, bir restoran oshxonasida ish boshladi.

"Boshida juda qiynaldim. Chunki, qanday tushuntirsam ekan, bunday ishga o'rganmagan edim. Bunday ish qilmaganman hech. Keyin qattiq ishlab, dastlab kassir, keyin oshpaz bo'ldim", - deyi u.

Oilasini boqishi uchun bir paytda ikkitadan ishda ishlashiga to'g'ri keldi. Keyin Vashingtonda aravada ovqat sotuvchi eronlik muhojir bilan tanishib qoldi. Uch yildan beri ular birga ishlashyapti. Biznes yaxshi ketyapti, doimiy mijozlari ko'p.

"Fors va afg'on ovqatlari bilan tanishman. Juda mazali, yaxshi tayyorlashadi. Qochoqlar juda mehnatkash va vatanparvar fuqarolar bo'lishadi. Amerikani buyuk qiladigan narsalardan biri shu", - deydi mijozlardan biri.

Davlatiyning orzulari katta.

"O'qishimni davom ettirish niyatim bor. Ofisdagi ishlarda ishlashni xohlayman. Bundan tashqari, bu oshxona biznesimni ham davom ettirishni istayman", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG