Amerikada farzandlari turmush qurish arafasida bo’lgan onalar tog’ora ko’tarib o’zbekona to’ylar nasib qilarmikin, bu yurtda kimlar bilan quda-andachilik qilarkanmiz, degan o’ylar girdobida.
Nyu-Yorkda qizini uzatgan o'zbekistonlik bir onani suhbatga tortdik. Orzugul opaning kuyovi Bangladeshdan. Qizimni O'zbekistondan bo'lmagan odamga uzataman, deb o'ylamagandim, deydi u.
Orzigul opa oilasi bilan Nyu-Yorkda 2010-yildan beri yashaydi. Farzandlarini o'qitaman, degan niyatda Amerikaga kelgan. Qizlaridan birini o'qitib, Nyu-Yorkda turmushga uzatdi. Nevarasi bor.
"Urf-odatlarimiz, hurmat-izzat ham o'zimiznikiday bo'lgani uchun, kuyovim bilan bir-birimizga tez moslashib ketdik. Kuyovimga o'zbek tilini o'rgatmoqchiman. Ilgari nima bo'lsa ham, qizlarim g'ayridinni tanlamasin deb ko'p oylardim. Kuyovimning musulmon yigiti ekanligidan, qizimni o'qityapti, hayoti yaxshi ekanligidan endi xotirjamman", - deydi ona.
Orzigul opaning aytishicha, Amerikada yashab farzandlar taqdirini o'zbekistonliklar bilan bog'lash oson emas, ko'p so'rab-surishtirish kerak. O'zbekistondan kelin yoki kuyov olib kelish ham qiyin. Hujjatlar uzoq vaqt oladi.
Bu yerda turmush qurish arafasida bo'lgan yigit-qizlarni faqatgina og'izdan-og'izga so'rab-surishtirib bilish mumkin. Ikkita o'zbekistonlik uchrashib qolsa, gap-gashtaklarda, albatta, shu mavzu ko'tariladi. Hatto yoshi kattaroq onaxonlar ro'yxat tuzib telefonda "Sovchilar" guruhini ochib olishgan. Bu onalar o'zbekistonlik yoshlarni bir-biri bilan tanishtirishni savob deb bilishadi.
"Sovchilar" guruhida qiz yoki yigit haqida ma'lumot olmoqchi bo'lganlar o'zlari haqida ham ma'lumot taqdim etishi kerak. "Menga yaxshi qiz kerak" deyish bilan ish bitmaydi.
Qarichingizga to'g'ri kelsa, hammasi yaxshi. Lekin kelin yoki kuyov qidirayotganlar o'zlari haqida yeterlicha ma'lumot bermayotgani uchun "Sovchilar"ning ishi hali avjiga chiqqani yo'q.
Orzigul opa bilan suhbatimizni quyida tinglang.
Facebook Forum