Breaking News

Kuyovlar ko'p, kelin kam...


Ko’pgina mamlakatlar, xususan Xitoy va Hindistonda o’g’il ko’raman degan oilalar orasida homila jinsini tanlash amaliyoti tobora keng tarqalmoqda. BMTning jinsiy tengsizlikka bag’ishlangan yangi hisobotida aynan shu qayd etiladi. Vaziyat o’zgarmasa bo’lmaydi, deydi tashkilot rasmiylari.

Osiyoda nima uchun qizlar yetishmaydi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00
Yuklab oling

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg’armasi hisobotiga ko’ra, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda ota-onalar chaqaloq tug’ilmay turib uning jinsini tanlashni afzal ko’rmoqda. Bunday amaliyot Bangladesh va Afg’oniston kabi mamlakatlar barobarida Yevropada ham, xususan Albaniya, Armaniston, Ozarbaijon, Gruziya va Chernogoriyada keng tus olgan.

So’nggi yarim asr davomida kuzatilayotgan bu jarayon oqibatida o’g’il bola va erkaklar soni xotin-qizlarga qaraganda ancha oshib ketgani qayd etiladi.

Aksar ota-onalar azaldan o’g’il bo’lsin deydi. Ultratovush apparatining ixtiro etilishi oilalarga homila jinsini tanlash imkonini berdi. Farzand sonini cheklayotgan ayrim mamlakatlarda bu amaliyot ayniqsa keng qo’llanadi.

2010-yilda Xitoy va Hindistonda xotin-qizlar soni erkak va o’g’il bolalarga qaraganda 117 million nafarga kamroq bo’lgan. Demak, 2030-yilga borib bu ikki davlatda uylanmoqchi bo’lgan yigitlar soni qizlardan 50 foizga ko’proq bo’ladi.

Hisobot mualliflaridan biri, Parijda joylashgan Aholi va taraqqiyot markazi tadqiqotchisi Kristof Gilmoto deydiki, yaqin kelajakda hukumatlar bu muammoni hal etishga majbur bo’ladi:

“Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarda yigitlar jiddiy muammoga duch kelishi aniq. Kelinlar soni kamligi sabab, ayniqsa quyi ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalarga mansub erkaklarning umuman uylanmasligi ehtimoli bor”, - deydi olim.

Xitoyning Anuy, Fujan va Xaynan viloyatlarida bu muammo nihoyatda dolzarb.

Gap bir necha million erkak haqida ketyapti, deya davom etadi suhbatdosh.

“Xitoy sharqi, masalan Shanxay shahrida turmush qurolmay qiynalayotgan erkaklar qancha. 10 yildan keyin muammo ko’lami yanada kengayganiga guvoh bo’lamiz”.

BMT hisobotiga ko’ra, Hindistonning Panjob, Xaryana va Uttar Pradesh shtatlarida ham kuchli disbalans mavjud.

Mumbaydagi Aholini o’rganish xalqaro tadqiqotlar instituti olimasi Arpita Dasning aytishicha, ko’pgina hind ayollar o’g’il ko’raman deb qayta-qayta homilani oldiradi. Amaliyot salomatlikka putur yetkazishi inobatga olinmaydi.

“Hindistonda aholining jinsiy tarkibini o’rganish qiyin. Homila qiz bo’lsa, uni oldirib tashlash hollari keng tarqalgan. Ketma-ket ikki yoki uchta abort qildirganidan keyin ayol farzand ko’ra olmasligi mumkin”, - deydi Arpita Das.

Hindistonda azaldan oilada o’g’il bo’lishi shart, deb hisoblangan. Abortlarning bir sababi an’ana bo’lsa, yana biri - iqtisodiy qiyinchiliklar. Kelin taraf kuyov oilasiga sep-sarpolar bermasa bo’lmaydi, holbuki qonun buni man etadi. Aksariyat oilalarning bunga qurbi yetmagani bois ota-ona qiz ko’rishni istamaydi.

Ko'pgina jamiyatlar, ayniqsa Osiyoda oilalar o'g'il ko'raman deb homilani oldiradi. Demak, tug'ilayotganlar orarsida qizlar kam.
Ko'pgina jamiyatlar, ayniqsa Osiyoda oilalar o'g'il ko'raman deb homilani oldiradi. Demak, tug'ilayotganlar orarsida qizlar kam.
Jamiyat o’zgarmasa bo’lmaydi, ayrim udm-odatlarga chek qo’yish vaqti keldi, deydi hisobot muallifi Kristof Gilmoto.

“Nikoh va turmush masalasida o’zgarishlar vaqti keldi. Hindistonda boshqa-boshqa tabaqaga mansub yigit-qizlarga turmush qurishni ruxsat berish kerak. Qizlar kam bo’lganidan keyin yigitlar o’ziga umr yo’ldoshi topishga qiynalib turgan bir vaqtda zeb-ziynat, kelin sepi deyish ham noto’g’ri. Aslida hamma muammolar iqtisoddan”, - deydi suhbatdosh.

Kristof Gilmoto fikricha, ko’pgina an’ana va qadriyatlar, masalan oila sha’ni, meroslik huquqlari, ajralishda mulkni bo’lish amaliyoti ham o’zgarmasa bo’lmaydi, chunki hech qachon oila qurmagan yoki kech uylangan erkaklar soni bundan buyon ko’payaveradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG