Breaking News

Turizm sanoati Trampdan bag'rikeng bo'lishni so'ramoqda


Volt Disney istirohat bog'i, Florida shtati
Volt Disney istirohat bog'i, Florida shtati

Qo’shma Shtatlarga har yili millionlab xorijliklar dam olgani keladi. Turizm iqtisodiyotning asosiy tayanchlaridan biri. Lekin Prezident Donald Trampning immigratsion cheklovlari, amalga oshirilmayotgan bo’lsa ham, dunyo ahli orasida xavotir va qo’rqinchni avj oldirib, chet eldan sayyohlar oqimi sustlashgan.

Prezidentning immigratsiya bobidagi fikrlari jahon bo’ylab yoritilmoqda. Har yoqda shov-shuv.

Turli mamlakatlardan kelgan muhojirlar deportatsiya qilinayotgani, Amerikada ajnabiylarga nisbatan nafrat kuchaygani haqidagi xabarlar salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. AQShga kiritilmagan britaniyalik o’qituvchi Juel Miya “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’ldi.

“Meni nishonga olib nima qilishadi, hayronman. Muammo ismimdami? Yoki terimning rangidami? Yoki ko’rinishimdami? Kim biladi, deysiz. Bilmayman”, - deydi u.

Uning samolyotga chiqarilmaganini televizorda ko’rgan vatandoshlari, ayniqsa, yoshlar endi Amerikaga borishga jur’at eta olmasligi mumkin.

“Boshqa o’qituvchilar oldimga kelib, sening ishing hal etilmaguncha o’zim ham, talabalar ham Amerikaga bormaydi, deyishayapti. Hech kim bunday holga uchrashni istamaydi”, - deydi o’qituvchi.

Turizm sohasida vahima katta zarar keltiradi. Odamlar biror mamlakatda xushlanmasligim mumkin deb o’ylasa, bormay qo’yadi. Dollar qadri hozir ancha yuqori. AQSh arzon joy emas. Safar minglab dollarga tushadi. Aeroportda kiritishmasa-chi, degan xavotir odamni ahdidan qaytarishi mumkin.

Turizmda raqobat juda kuchli, deydi AQSh Sayohat uyushmasi vakili Patrisiya Rohas-Ungar.

“Pul bo’lsa, boradigan joy ko’p. Biror muammo ehtimoli bormi, odamlar sizning yurtingizdan uzoqlashadi. Boshqa go’shaga yo’l olishadi”, - deydi u.

Har bir shtat uchun turizm mo’may daromad manbai. U susaysa, hamma birdek zarar ko’radi.

“Sayohat va turizm AQSh iqtisodiyotining eng ilg’or yo’nalishlaridan. 2,1 trillion dollarlik sanoat. 15 million amerikalik bu sohada ishlaydi”, - deydi Rohas-Ungar.

Shunday ekan, turizm sanoati prezidentdan o’z immigratsion siyosatini oydinlashtirib, vahima va xavotirni bartaraf etishni kutmoqda.

Dunyoning qay burchagidan kelayotgan bo’lmasin, odamlar Amerika sayyohlar uchun ochiq ekaniga ishonishi zarur. Biror kimsaga ochiq bo’lmasa, asos ko’rsatilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG