Breaking News

Anqara AQShning kelgusi rahbari bilan ishlashga tayyorlanmoqda


Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, AQSh davlat kotibi o'rinbosari Antoni Blinken hamda "Islomiy davlat"ga qarshi global koalitsiyadagi AQSh vakili Bret Makgurkning Anqaraga ikki kunlik tashrifi ziddiyatlar bilan kechgan.

Makgurk kurd jangchilaridan medal olgani uchun Turkiya tanqidiga uchradi. "Ikkinchi bunday qilinmasin", degan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an uchrashuv nihoyasida.

Anqara Suriyadagi kurd isyonchilarini Turkiyada taqiqlangan Kurd ishchilar partiyasiga aloqadorlikda ayblaydi.

Kurdlar masalasida Turkiya, AQSh va NATO orasiga sovuqlik tushgan.

So'nggi haftalarda Vashington Anqara bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilmoqda. AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Turkiyaga shaxsan kelgan bo'lsa, Xitoyda o'tgan "Katta yigirmalik" sammiti doirasida Prezident Barak Obama Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashdi.

Anqara Vashingtondan AQShda yashovchi diniy arbob Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda. 15-iyul kuni Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortida Gulen turgani aytiladi.

"AQSh uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishda qiynalayotgan ko'rinadi. Bu xoh Gulen haqida bo'lsin yoki Suriya bo'yicha", - deydi Karnegi markazi tahlilchisi Sinan Ulgen.

Sobiq turk diplomati Aydin Seljanning aytishicha, Anqara hozir Obamadan keyingi rahbariyat bilan ishlash haqida o'ylamoqda.

"Hillari Klinton Turkiyani yaxshi biladi. Turkiya ham uni yaxshi taniydi. Klinton, shuningdek, Suriya bo'yicha qat'iyroq qarashga ega va kurdlar hamda Suriya ishi bo'yicha Anqara bilan ishlashga tayyorroq. Shu bois AQShdagi prezidentlik saylovlari Anqara uchun muhim", - deydi u.

Hukumatdagi manbaning aytishicha, Turkiyaning hukmron partiyasi Donald Tramp bilan ham gaplashgan.

"Anqara uchun Tramp prezidentligi ham yaxshi, - deydi xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli O'zel. - Chunki shu paytgacha Oq uy va Davlat departamenti iliq xabarlar berib kelgan bo'lsa ham, Pentagon kurdlarni qo'llab-quvvatlashda davom etayotgan edi".

O'tgan oy Turkiya armiyasi Suriya chegarasini kesib o'tib, kurdlar nazoratidagi hududlarni egallab oldi. Vashington hozircha kurdlar va turklar o'rtasida jiddiy to'qnashuvlar yuz bermasligini ta'minlashning uddasidan chiqmoqda.

Nyu-Yorkdagi BMT anjumanida ishtirok etib qaytgan Erdog'an Suriyadagi amaliyotlardan tiyilish bo'yicha Vashington talablariga ortiq rioya qilmasligini e'lon qildi.

"Ular bizga ortiq ichkariga kirmang, deyishadi, lekin biz kiramiz. Qancha lozim bo'lsa, shuncha kiramiz. Bu hududda bizga nisbatan mavjud barcha tahdidlarni yo'q qilishimiz kerak", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG