Breaking News

AQSh Suriyaga yordam haqida bot-bot eslatmoqda


Iordaniya bilan chegaradagi suriyalik qochoqlar.
Iordaniya bilan chegaradagi suriyalik qochoqlar.

Suriyada 13 yarim million odam insonparvarlik yordamiga ehtiyojmand.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer qamal holatida yashayotgan 15 tumanga alohida e'tibor qaratadi.

Suriya hukumati shulardan 12 tumanga kirish-chiqishni to'sib qo'ygan, deydi Pauer va dekabrdan beri shu yerlardan 35 kishining o'ligi chiqqan.

AQSh elchisi Suriyada urishayotgan hamma taraflarni shaharlarga insonparvarlik madadi kirishiga imkon berishga undayapti.

BMTning bildirishicha, qamaldagi Dayr al-Zavr shahrida, xususan, 200 ming odam ochlikda yashamoqda va tezkor yordamga muhtoj.

Xalqaro tashkilot bu hududlarga havo orqali madad eltishga ruxsat olgan, lekin og'ir janglar bunga to'sqinlik qilmoqda.

Bu orada, BMT kelasi dushanba, 25-yanvarda Suriyada tinchlik o'rnatishga doir xalqaro anjumanni o'tkazish niyatida. Biroq majlisga bir hafta qolar ekan, qatnashchilar kim ekani hanuz noma'lum va yig'in bekor qilinadi, degan taxminlar yangrayapti.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura 17 davlatdan, xususan, Amerika va Rossiyadan Jenevadagi anjumanga kelish va'dasini olgan. Lekin Suriyada jang qilayotgan muxolifatdan kimlar bo'lishi hanuz ochiq masala.

Suriya 2011-yilning martidan beri urush girdobida. O'shanda Prezident Bashar al-Assadga qarshi tinch namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilgan, so'ng g'alayon fuqarolar urushiga aylanib ketgan. Mojaro 250 ming odamning boshini yedi. Millionlab fuqarolar uyini tashlab qochishga majbur bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG