Amerika harbiy dengiz floti tarixida birinchi bor ayol to’rt yulduzli admiral unvonini oldi.
Mishel Xovard shu tariqa dengizdagi amaliyotlar uchun mas’ul ikkinchi raqamli rasmiy endi. Harbiy faoliyati davomida katta dovonlarni oshib dong’i ketgan arbob.
Mishel Xovardga Virjiniya shtatida o’tgan marosimda to’rtinchi yulduz taqildi. Ayolning oilasi va hamkasblari uning yonida turdi.
“Tarixiy damlar. To’rt yulduzli ayol hamkasblarni qidirsam, atrofda zot yo’q… Bugun Qo’shma Shtatlar harbiy dengiz flotida muhim bir sahifaning guvohi bo’lib turibsiz”, - dedi u.
Dengiz floti vaziri Rey Mabus bag’oyat mamnun:
“Dengiz kuchlari o’ziga rahbar qilib eng a’lo admiralni tanladi”.
Xovard 1982-yilda Amerika harbiy dengiz akademiyasini tugatgan. Birinchilik – uning uchun normal hol. Har bir yutug’i tarixiy. Qurolli kuchlarda pogoniga uch yulduz tushgan birinchi qora tanli ayol bo’ldi. Dengiz flotida admiralga aylangan ilk ayol. Harbiy kemada kapitanlik qilgan birinchi afro-amerikalik ayol sifatida tarixga kirgan.
Dengiz kuchlari rasmiysi Jonatan Grinert bu lavozim ko’proq mas’uliyatni anglatadi, deydi.
“Mishel Xovardga qarab namuna olishadi. U bu mas’uliyatga tayyor ekani shubhasiz. Xursandchiligim cheksiz, chunki dengiz flotiga ayollar juda kerak”, - deydi Grinert.
Xovard 2001-yilning 11-sentabrida terrorchilar hujumi paytida Pentagonda edi. 2009-yilda Somali qaroqchilari tomonidan olib qochilgan Amerika kemasini qutqarish uchun safarbar etilgan harbiy dengizchilar safida edi.
“Kema o’g’irlab qochilganida ishga tushganimga endi uch kun bo’lgan edi”, - deya eslaydi Xovard.
Harbiy ayollar oxirgi yillarda katta dovonlarni oshdi. Bir paytlar faqat erkaklar yollangan lavozimlar endi ular uchun ochiq. Xovardning bugungi yutuqlari ayollarni yanada ruhlantirishi aniq.
“O’zimdan qiyos, oddiy askardan oliy ofitser darajasiga, kichik leytenantdan admiral unvoniga erishish mumkin”, - deydi u.
Xovard Amerikada to’rt yulduzga loyiq topilgan uchinchi ayol. Armiyada va harbiy havo kuchlarida yana bittadan ayol bor.
Amerika qurolli kuchlarining barcha bo’limlarida jangovar lavozimlarga ayollar kirishi mumkin. Jismoniy va boshqa talablarga javob bersa bas.