Qo’shma Shtatlar harbiy siyosatida katta o’zgarish - bundan buyon xotin-qizlar barcha jangovar qismlarda xizmat qila boshlaydi. Og’ir mashqlardan o’ta olsa frontga ham yuborilishi mumkin.
Ayol askarlar yillardan buyon Afg’oniston va Iroqda xizmat qilib keladi. Yaqin orada imkoniyatlar yanada kengayadi.
“Davlat mudofaasiga kelganda, aholining yarmini, qobiliyatli insonlarni xizmatdan chetlashtirish to’g’ri emas. Talablarga javob bera oladigan har bir fuqaroga armiya eshiklari ochiq”, - deya e'lon qildi AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter.
Uning buyrug’iga ko’ra, harbiy tuzilmalar, jumladan, piyoda qo’shin va maxsus kuchlar, bir oy ichida xotin-qizlarni qabul qilishga tayyor bo’lishi lozim.
“Hozirgi zamonda bu to’siqlarni olib tashlash bag’oyat muhim”, - deydi Karter.
Mudofaa vazirligi bu masalani uch yil davomida o’rganib, shu qarorga keldi. Yaqinda ikki ayol eng qiyin hisoblangan Reynjer maktabini tamomladi.
“Doimo maqsad sari intilish kerak. O’zimizga shuni shior qildik”, - deydi bitiruvchilardan biri Shey Xeyver.
Reynjer maktabini ikki ayol bitirgani ko’pchilikni quvontirgan bo’lsa-da, so’nggi qarordan norozilar ham ko’p. AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni general Jozef Danford ayrim jangovar vazifalar faqat erkaklar uchun bo’lishini so’ragan edi.
Qonunchilik organida ham e’tiroz bildirayotganlar bor. Vakillar palatasi va Senatning Qurolli kuchlar qo’mitalari qarorning harbiy tayyorgarlikka ta’sirini qayd etib, Pentagon taqdim etgan hujjatlarni o’rganib chiqishini bildirmoqda.
Armiya bunga ham moslashadi, deydi ayrimlar.
“Qurolli kuchlar safida ham e’tirozlar bo’lishi tayin. Yangi qoidalar asosida xizmatni davom ettirish yoki armiyani tark etish askarlarning o’ziga havola”, - deydi iste'fodagi kapitan Lori Manning.
Harbiylarning aytishicha, xavotirlarga qaramasdan qaror tatbiq etiladi. Qattiq ruhiy va jismoniy tayyorgarlik talab qiladigan ishlarga ayollarni jalb qilishga bir necha yil vaqt ketishi mumkin.