Breaking News

AQSh Global Media Agentligida ham rahbariyat o'zgardi


Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan “Amerika Ovozi” va uni boshqaruvchi AQSh Global Media Agentligida (AGMA) Donald Tramp davrida tayinlangan rahbarlar ishdan ketdi. Ular o’rniga xalqaro media sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriy jurnalistlar tayinlandi.

AGMAni o'tgan yilning iyun oyidan beri boshqargan, hujjatli filmlari bilan tanilgan konservativ rejissor Maykl Pek Bayden inauguratsiyasidan bir necha soat o’tmay yangi ma'muriyat tomonidan ishdan olindi.

“Bu agentlik va uni yurituvchi shaxs betaraf bo’lishi lozim. Maqsadim uni o’z missiyasi tomon yo’naltirish, Amerika haqida dunyoga obyektiv va xolis ma’lumot berilishini ta’minlash edi”, - deydi Pek.

Maykl Pek
Maykl Pek

Tanqidchilar nazarida esa Pekning sakkiz oylik boshqaruvi davrida uning nazoratidagi tashkilotlarni hukumatning propaganda quroliga aylantirish harakati kuzatildi. Shikoyatlar ketidan, o’tgan yili federal sud Pek “Amerika Ovozi”ning jurnalistik faoliyatiga aralasha olmaydi, deya qaror chiqargan.

Xususan, AGMA iznidagi agentliklar boshliqlari yangilangani, muxbirlar ustidan tekshiruvlar boshlangani, byudjet va xodim yollash muzlatilgani, 30 dan ortiq jurnalistning vizasi yangilanmagani keskin tandiqlarga sabab bo’lgan.

Yillik byudjeti 640 million dollarga teng AGMA “Amerika Ovozi” qatorida Yaqin Sharq va Kuba uchun mo’ljallangan OAVni boshqaradi, jumladan “Ozodlik” radiosini. Dasturlar 40 dan oshiq tilda haftasiga 354 millionli auditoriyaga uzatiladi.

Prezident Bayden AGMAning muvaqqat rahbari etib “Amerika Ovozi”ning uzoq yillik jurnalisti Kelu Chaoni tanlagan. Tashkilotning dekabrda tayinlangan direktori Robert Rayli ham ishdan olinib, bu lavozimga vaqtinchalik Yolanda Lopez, "Amerika Ovozi" markaziy tahririyatini boshqarib kelgan jurnalist tanlandi.

“Agentlik faoliyatini global auditoriyamizga yanada yaxshiroq xizmat ko’rsatishga qarataman. Oldimizdagi vazifalar: tahririyat mustaqilligini ta’minlovchi qonun ijrosi, professional va jurnalistlik me’yorlar hamda muxbirlar xavfizligini ta’minlash”, - deydi Kelu Chao.

Rayliga nisbatan tanqidlar yaqingacha Davlat kotibi bo’lgan Mayk Pompeoning agentlikka tashrifi ketidan ayniqsa kuchaygan edi. Qariyb 50 jurnalist Raylini yuqori lavozimdagi amaldor nutqini “efirga jonli uzatishga majburlaganlikda” ayblab, uni iste’fo berishga chaqirgan edi. Pompeoga savol bergan muxbir esa rahbariyat tomonidan boshqa ishga o’tkazilgan edi.

AQShda yangi prezident ishga tushishi bilan federal idoralarning rahbarlari o’zgaradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG