Tojikistonda milliy san’at rivoji va targ’iboti muhokama qilinar ekan, mahalliy o’zbeklarning madaniy, ayniqsa Tojikiston ommaviy axborot organlaridagi faoliyati sust ekani qayd etiladi.
Ayrim o’zbek san’atkorlari va ziyolilarga ko’ra, respublika va viloyatlar radio-televideniyesida tub o’zbek san’atkorlarining o’zbek tilidagi chiqishlari ancha kam.
Shukur Burhonov nomli yagona o’zbek musiqali drama teatri So’g’d viloyatining Spitamen nohiyasida joylashgan.
Tog’li qishloqlarda ko’p yillardan beri o’qituvchilik qilayotgan Abdurashid Burgutov Tojikistonda o’zbek teatri san’ati rivojiga “oldinga nisbatan yaxshi holatda deb baho berolmayman” deydi.
“Abdurauf Olimovlar, Hojiboy Tojiboyevlar ishlagan davrlarda bir gurkirab, tog’da lola ochilgandek ochilib, nazarimda ko’zga ko’rinarli ishlar amalga oshirilib borilayotgandek edi. Endi shuni jonlantirish kerak. Teatr sohasini yanada yaxshi yo’lga qo’yish uchun intilishimiz kerak.”
Ba’zilar Tojikistonda o’zbek teatr san’ati birmuncha chegaralab qo’yilgandek, degan fikrlarni bildirishadi. O’qituvchi Burgutov bu borada shunday deydi:
“Bu masalada aniq ma’lumot berolmaymanu, lekin nimagadir, nisbatan, rahbariyat tomondan shu sohani ko’zga ko’rinarli darajada ko’tarish yoki yo’lga qo’yish biroz oqsagandek tuyuladi, meni nazarimda. Mas’ul kishilar bu narsaga e’tiborsiz-da”.
Aktyor Аsqarjon Boymatov o’zlariga e’tiborni “shahar yoki poytaxt teatrlari darajasida baribir kuchli emas” deb biladi.
“Lekin nolimaslik kerak. 5-10 yil ilgarigi davrga qaraganda hozir teatrga ham ancha e’tibor berilyapti. Teatrni tashqi ko’rinishi ta’mir qilindi, sahnalarga ishlov berilmoqda. Yana ta’mirga muhtoj joylarimiz uchun hukumat tomonidan yordam beriladi deyishmoqda. Rahbariyatdan umidimiz, iltimosimiz - yanada e’tibor berishsa. Chunki teatr qanchalik yaxshi rivojlanib yo’lga qo’yilsa, davlatni madaniyati, asta-sekinlik bilan sivilizatsiyaga erishayotganligi shundan bilinadi”, deydi Boymatov.
Tojikistonda xizmat ko’rsatgan artist, lirik xonanda Тоjiniso Niyozova teatrda tomoshabinlarning ozligini televideniyening rivojlanishi bilan izohlaydi.
“Bu dunyo teatrlarining inqirozi. Tomoshabin kamgina qisqargan. Lekin haqiqiy muxlislarimiz hamisha bizni dargohimizda. Yaqinda “Richard”ni qo’ydik. Odamlar tushunmaydimi, hatto kelmaydimi, degan xayollarga borgandik. Ammo shunaqayam odam bo’ldiki, biz uni tomoshabinlarga qaytadan qo’yishni o’ylayapmiz.”
Ayrim ziyolilar teatr va umuman o’zbek san’ati oldida sun’iy to’siqlar paydo bo’layotganini tilga olishadi. Jurnalisti Tursunali Aliyev buni o’zbek teatri rivojiga qiziquvchi shaxslar yo’qligi bilan izohlaydi.
“Ularga repertuar tanlash, gastrol safarlariga yordam berish, yosh talantlarni tarbiyalash va ularni o’stirishga qiziquvchu shaxslar deyarli yo’q. Agar biz o’zbeklarni talanti, miqdorini hisobga oladigan bo’lsak, ular uchun faqat maydon kerak va imkon kerak”, - deydi Aliyev.
Xonanda Niyozova milliy teatr san’atida qo’shni O’zbekistonni misol keltirarkan, Tojikistondagi sharoitni yuqori baholaydi.
“Teatrga Tojikiston nuqtai nazari kam degan fikr noto’g’ri. O’zbekistonda tojik teatri bormi? Yo’q. Bo’lmaydiyam. Lekin u yerda behad ko’p tojiklar yashaydi. Buxoro, Samarqand, Surxandaryoda. Lekin tojik teatri yo’q. Tojikistonni bag’ri kengligini mana shundan bilsa bo’ladi. 75 yildan beri o’zbeklarni ehtiromiga, o’zbeklarni hurmat qilganligi uchun Tojikiston jumhuriyati o’zbek teatrini yaratib qo’yibdi o’zbeklar uchun. Chunki bu yerda o’zbeklarni o’ziga yarasha madaniyati bor, o’ziga yarasha sana’ti, maromi bor. Mana Qodirjon Mirashurovni butun Markaziy Osiyoda tanishadi. Kim inkor eta oladi buni? Lekin Tojikiston uni o’zbek degani yoq. Xizmat ko’rsatgan artist. Qanday biz faxrlanib yuramiz. Biz Tojikistonni bag’ri kengligiga, Tojikistonda barchaga ko’ngli kengligiga qoyil qolaman”.
Shukur Burhonov nomli o’zbek musiqali drama teatrlari o’rtacha 50 dollar maosh olsalar-da, yangi spektakllarni sahnalashtirmoqda.
Ayrim aktyorlarning o’zaro suhbatda aytishlaricha, ular nafaqat sahnada, balki hayotda ham anchadan beri rol o’ynashadi. Ya’ni “kundalik turmushlari kirakashlik va dehqonchilik, hamda chakana ortida o’tmoqda”.