Breaking News
O'zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekistonda saylov: Shavkat Mirziyoyev 88 foiz ovoz bilan g'alaba qozondi

O'zbekistonda 4-dekabr kuni prezident saylovi bo'lib o'tdi. Bu saylov mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor Islom Karimovsiz o'tdi.

19:22 3.12.2016

Prezidentlik uchun saylov kampaniyalari nihoyasiga yetdi

3-dekabr kuni O‘zbekistonda “sukunat kuni” e’lon qilindi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ushbu kunda nomzodlar saylovoldi tashviqot tadbirlarini to‘xtatishi lozim. Bino va ko‘chalarga o‘rnatilgan plakat yoki bannerlar saylov komissiyasi vakillari ishtirokida yechib olindi.

O‘zbekiston saylovlari tarixida ilk bor "sukunat kuni" o'tkazilmoqda. Saylovoldi tashviqot tadbirlari 2-dekabrdan 3-dekabrga o'tar kechasi yarim tundan boshlab tugatildi va “sukunat kuni” boshlandi. Mamlakat ommaviy axborot vositalarida ham saylovoldi tashviqotlari o‘tkazish taqiqlandi.

Shuningdek, “sukunat kuni” kirib kelgunga qadar ro‘yxatga olingan nomzodlarning reklama materiallari jamoat joylaridan olib tashlanishi zarur.

4-dekabr kuniga belgilangan saylovlarda O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shavkat Mirziyoev hamda mamlakatda rasman qayddan o‘tgan yana uch siyosiy partiyadan nomzodlar - Sarvar Otamuratov, Hatamjon Ketmonov va Narimon Umarov qatnashmoqda.

02:19 4.12.2016

Nomzodlar kim?

O'zbekistondagi prezidentlik saylovida to'rt partiyaning har biridan bittadan, jami to'rt nomzod qatnashmoqda. Ular orasida g'oliblikka asosiy da'vogar - amaldagi Bosh vazir, prezident vazifasini bajaruvchi, Liberal-demokratlar partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev. Qolgan rahbarlar nomiga poyaga qatnashmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Ko'pchilik taxminicha, Mirziyoyev katta ustunlik bilan g'alaba qozonadi. Ammo mamlakatdan siyosiy kurash haqiqiy ketayotgandek ko'rsatish uchun urinishlar bo'lgan. Masalan, nomzodlarning matbuotda va ko'cha-ko'yda ko'proq tashviqot va siyosiy reklamalarga o'rin bergani ilgari kuzatilmagan holat. Ammo nomzodlar o'rtasida bahs, bir-birini tanqid qilish holatlari mavjud emas.

Nomzodlarning tarjimai hollariga to'xtalib o'tsak:

Shavkat Mirziyoyev - Liberal-demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod

Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli. 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981-yilda yuqorida tilga olingan institutda boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003-yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Shavkat Mirziyoyev, O'zbekiston Bosh vaziri

Mirziyoyev 2003-yilda O’zbekiston Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

2016-yil 8-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O’zbekiston Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Nomzod oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.

Mirziyoyevning dasturi mana bu yerda.

Sarvar Otamuratov - "Milliy Tiklanish" partiyasidan prezidentlikka nomzod

Otamuratov 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 1995-yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) imtiyozli diplom bilan bitirgan. 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya Akademiyasini, 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Sotsiologiya fanlar nomzodi.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari.

2000-yilda "O‘zbekiston mustaqilligi sharoitida yoshlarning sotsial faol qismining milliy o‘zligini anglash va uning amal qilishi" (sotsiologik tahlil) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1995-2006 yillarda Moliya vazirligi valyuta-iqtisod Bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va Bosh boshqarma boshlig‘i vazifalarida ishlagan. 2006-2010 yillarda sug‘urta kompaniyalarida faoliyat olib borgan.

Sarvar Otamuratov, prezidentlikka nomzod

Otamuratov 2009-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan.

2010-2014 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2015-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.

Otamuratov bir qator ilmiy monografiyalar va qo‘llanmalar hamda 50 dan ortiq ilmiy maqolalarning muallifi. Oilali. Ikki nafar farzandi bor.

Otamuratovning dasturi mana bu yerda.

Hatamjon Kеtmonov - Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod

Ketmonov 1969-yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Millati –o‘zbеk. Ma‘lumoti oliy. 1993-yilda Andijon davlat pеdagogika institutining rus tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbеkiston XDP a’zosi.

Kеtmonov mеhnat faoliyatini Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 28-maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. 1995-2004-yillarda Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, 2004-2013-yillar davomida Andijon viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Kеtmonov 2013-yildan hozirgi kunga qadar O‘zbеkiston XDP Markaziy Kеngashi raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

2014-yil 21-dеkabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Kеtmonov 11-sonli Bo‘z saylov okrugidan O‘zbеkiston Rеspublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi dеputati etib saylandi. 2015-yilning yanvar oyidan boshlab, u O‘zbеkiston XDP fraksiyasining rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikеrining o‘rinbosari sanaladi.

Kеtmonov 2006 va 2011-yillarda “O‘zbеkiston Rеspublikasi mustaqilligining 15 yilligi”, “O‘zbеkiston Rеspublikasi mustaqilligining 20 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlangan. Oilali. Uch nafar farzandi bor.

Ketmonovning dasturi mana bu yerda.

Narimon Umarov - “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod

Umarov 1952-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy. 1974-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi — muxandis-gidrogeolog. Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi.

Mehnat faoliyatini 1974-yilda “Gidroingeo” Ilmiy tekshirish institutida katta texnik xodim lavozimidan boshlab, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U sug‘orilayotgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq gidrogeologik prognozlarni ishlab chiqish, yer osti suvlaridan iqtisodiyotda oqilona foydalanish yo‘nalishida tadqiqotlar olib bordi.

1997–2009 yillarda Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlab, atrof tabiiy muhit holatini monitoring qilishda yagona davlat tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshqargan.

2009–2013 yillarda Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etgan.

2009-yildan “Ekosan” ekologiya va salomatlik Xalqaro xayriya jamg‘armasining boshqaruvi raisi, 2013-yildan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi etib saylangan. Egallab turgan lavozimida davlat hokimiyati vakillik organlarida “Adolat” SDP deputatlik guruhlarining faoliyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda.

2014-yilda Umarov Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi, 2015-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Oilali. Uch nafar farzandning otasi. Rafiqasi X. Xo‘jayeva – pensioner.

2012-yilda Umarov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Umarovning dasturi mana bu yerda.

08:32 4.12.2016

Ovoz berish boshlandi

2016-yil 4-dekabr Toshkent vaqti bilan ertalab soat 06:00 da O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugidagi 9 ming 383 saylov uchastkasi ochildi.

"O'zA" axborot agentligi xabariga ko'ra, O‘zbekistonning 20 milliondan ortiq yaqin fuqarosi saylovchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Prezidentlik saylovida to'rt nomzod - O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shavkat Mirziyoev hamda mamlakatda rasman qayddan o‘tgan yana uch siyosiy partiyadan nomzodlar - Sarvar Otamuratov, Hatamjon Ketmonov va Narimon Umarov qatnashmoqda.

Saylov byulleteni
Saylov byulleteni
08:48 4.12.2016

Saylov ijtimoiy tarmoqlarda

Ovoz berishga chiqqan fuqarolar, ayniqsa, taniqli xonanda va san'atkorlar ijtimoiy tarmoqlari orqali suratlarini joylab, boshqalarni ham ovoz berishga undamoqda.

Ayni paytda oddiy fuqarolar ham saylovda olgan suratlarini, fikr va kayfiyatlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda.

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG