O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Parijga qilgan rasmiy safari chog’ida O’zbekiston-Fransiya munosabatlari hamda savdo-sarmoya imkoniyatlari muhokama qilingan. Faollar esa O'zbekistonda kun sayin og'irlashayotgan inson huquqlari ahvoliga e’tibor qaratadi.
Parijda bir qator uchrashuvlar o’tkazgan Abdulaziz Komilov O’zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari bo’yicha tashkil etilgan ko’rgazmada ham qatnashgan.
Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan muloqotda ikki mamlakat o’rtasidagi siyosiy aloqalar, xavfsizlik bo’yicha hamkorlikni kuchaytirish muhokama etilgan.
Fransiyadagi huquq tashkilotlari muzokaralar tafsiloti jamoatchilikka ochiqlanmaganidan norozi.
Parijda ro’yxatdan o’tgan Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva Fransiya diplomatiyasi O’zbekistondagi tuzum bilan bu tariqa hamkorlikka borayotganidan afsusda.
“Fransuzcha diplomatiya O’zbekiston rasmiylari bilan muzokaralar yashirincha o’tkazilayotgani bilan ajralib turadi. Biz bu haqda uchrashuvlar o’tishi barobarida xabardor bo’ldik. Mingdan oshiq namoyishchilarni otib tashlagan [Andijon fojeasi nazarda tutilmoqda] rejim bilan bu tariqa hamkorlik qilish, yashirincha muzokaralar o’tkazilishidan jiddiy tashvishdamiz. O’zbekiston rejimi insoniyatga qarshi sodir etgan jinoyati uchun javobgarlini his etishi, inson huquqlari demokratik jamiyatning ajralmas qismi ekanligini tushunib yetishi kerak”, - deydi Atayeva.
G’arbning O’zbekiston bilan munosabatlarida Afg’oniston va xavfsizlik masalalari asosiy o’rin egallaydi. Afg’oniston bilan temir yo’l orqali bog’langan O’zbekiston roliga alohida ahamiyat qaratiladi.
Abdulaziz Komilov xavfsizlik bo’yicha hamkorlik va siyosiy aloqalarni sal avvalroq Germaniyaga qilgan safari davomida ham muhokama qilgan edi.
Komilovning Germaniyaga safari ham, ayni paytda Fransiyada o’tkazgan uchrashuvlari ham O’zbekistondan farqli G’arb jamoatchiligiga unchalik oshkor qilinmaydigan muzokaralar sirasiga kiradi.
“Gap shundaki, Fransiya matbuotida ham bu safar haqida, muzokaralar borayotgani haqida biror ma’lumot topmaysiz. Bizning bayonotimiz ketidan Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi sahifasida qisqa xabar paydo bo’ldi. Biz bu uchrashuvlar haqida asosan O’zbekistonning rasmiy axborot vositalari orqali bilamiz”, - deydi Nadejda Atayeva.
Uning aytishicha, O’zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan rishtalar rivojlanayotganini ko’rsatishdan, shu bahonada rasmiy Toshkent nufuzini oshirishdan chekinayotgani yo’q.
“Hozir uchrashuvlar o’zbek hukumatining imidjini tiklashga xizmat qilayapti. Biz Yevropa Ittifoqi, jumladan Fransiya bilan aloqalar tiklanishiga qarshi emasmiz, ammo muzokaralarning bu tariqa yashirincha o’tkazilishiga qarshimiz”, - deydi Parijda asoslangan huquq tashkiloti rahbari.
Inson huquqlari tashkilotlari nazarida, G’arb davlatlari O’zbekiston hukumati bilan muloqotlarida qiynoqlar, siyosiy mahbuslar, majburiy mehnat va so’z erkinligi masalasini albatta ko’tarishi kerak.
Hozircha bu mavzular Abdulaziz Komilovning Yevropada o’tkazayotgan muzokaralarida tilga olingani kuzatilmaydi.