Breaking News

O'zbekiston: Lotindan yana kirill alifbosiga qaytamizmi?


Prezident Shavkat Mirziyoyevga O'zbekistonda kirill alifbosini rasman qonunlashtirish taklifi bilan chiqishgan. Bu taklif 20 yildan oshiq lotin alifbosida ta’lim olayotgan o'zbek yoshlarida, milliy-madaniy taraqqiyotni lotin alifbosi vositasida ko'rayotgan jamoatchilikda norozilik uyg'otgan.

Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib lotinga o'tgan O'zbekistonning kirillga alifbosiga rasman qaytishi jamiyatni navbatdagi bo'shliqqa itaruvchi qaror bo'lishi mumkinligidan xavotirlar kuchli.

O'zbekistonni rasman kirill alifbosiga qaytarish taklifi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:13 0:00

Adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev prezidentga O'zbekistonni rasman kirill alifbosiga qaytarish taklifi bilan chiqqan.

“Kitob dunyosi” gazetasida “Prezidentimizga maktub” sarlavhasi ostida bosilgan bu maqolada muallif o'zbek tilining bugungi ahvoli haqida mushohada yuritadi. Ayni paytda o'zbek tilining o'ta g'arib qolayotganiga diqqat qaratgan adabiyotshunos “O'zbek tili jamiyati” tuzish tashabbusini olg'a suradi.

Alifbo masalasini eng og'riqli muammo deb ko'rsatgan olimga ko'ra, jamoatchilik lotin alifbosiga moslasha olmagan, lotin yozuvi o'zbek tili tabiatiga unchalik muvofiq emas, sovet davrida kirill yozuvida yaratilgan adabiyot ham unutilmasligi kerak.

“Lotindan kirill alifbosiga o'tilgan davrdan to shu kungacha 80 yillik madaniy tariximizni farzandlarimizga keraksiz bir mulk o'laroq qoldirmaylik. Fursat o'tmasidan kirillni - asosiy, lotinni ikkinchi alifbo sifatida qonunlashtiraylik”, - deb murojaat qiladi prezidentga Shuhrat Rizayev.

O'zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib lotin yozuviga o'tishga qaror qilgan edi, ammo uning joriy etilishi 20 yillardirki cho'zib kelindi, jamiyatning bir qismi lotinga, bir qismi kirillga amal qildi.

Bugun 25 yoshgacha bo'lgan aholi lotin yozuvida ta’lim olgan. Maktablar, kollej, litsey oliy o'quv yurtlari ham lotinga asoslangan. Mamlakat istiqboli lotin yozuvida ko'rilayotgan edi.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek 90-yillarda o'zbek tiliga davlat maqomi berilishida, lotin yozuviga o'tishda faollik ko'rsatgan muxolifatchilardan biri. Rizayevning taklifi uni sarosimada qoldirgan.

“Men Shuhratni [Rizayevni] bu darajada fikrlaydi deb o'ylamagandim. Birinchidan, bu faqatgina orqaga qaytish emas, o'tmishimizni yana chorizm, sovet imperiyasi bilan bog'lash. Dunyo lotinga o'tyapti, mana yaqinda Qozog'iston ham shunday qarorga keldi - bu nafaqat dunyo bilan, balki turkiy xalqlardan ham ajrab qolish bo'ladi. O'zi shundoq ham lotinga biz to'liq o'tolmadik, belgilangan muhlatlarningshunchasi o'tib ketdi. Agar bu taklif inobatga olinadigan bo'lsa, xalqning ham, ma’naviyatimiz foydasiga ham bo'lmaydi. Ertaga yana bitta Shuhrat Rizayev chiqib, lotinga qaytaylik desa umrimiz shu bilan o'taveradimi”, - deydi Isabek.

Rizayevning kirillga qaytish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik uyg'otgani kuzatiladi.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko'ra, olimning taklifi bejiz emas, hokimiyatda tayyorgarlik borayotganidan darak beradi.

“Rizayevni murojaati uyushtirilgan deb o'ylayman,ya'ni jamoatchilikning munosabatini ko'rish uchun. Davlat jamoatchilikning ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiyasini ko'rdi deb umid qilaman, chunki hozirgi paytda ijtimoiy tarmoq ham majvud kayfiyatlarni aks ettirmoqda. Davlatni o'zi ham ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boryapti. Ziyolilar, ayniqsa yoshlar keskin norozi. Bunday vaziyatda davlat masalani avvalgi holatida qoldirishi mumkin. Rizayevni taklifiga amal qiladigan bo'lsa, bu fojeali xato bo'ladi, O'zbekiston obro'sini yo'qotadi, umuman bu kulgi bo'ladi. Davlat kirillni tanlasa, bu yana bir yo'qotilgan, savodsiz avlodning yuzaga kelishiga xizmat qiladi”, - deydi Anvar Nazir.

Shuhrat Rizayev o'z maqolasida oradan shuncha yillar o'tib ham jamoatchilik lotin alifbosiga moslasha olmaganini iddao qiladi. Ammo Baxtoyor Isabekka ko'ra, yoshlarning aksariyatini savodi lotincha chiqdi, lotinga jamoatchilik emas, hukumat moslasha olmadi.

“Lotinni hukumat qabul qila olmadi, shuning uchun ham bu hozirgacha cho'zilib keldi. Hokimiyat o'zgardi deyapmiz, ammo mening nazarimda prezident almashgani bilan hukumat o'zgarmadi, tuzum avvalgi yo'ldan davom etyapti. Boshida ham o'zbek tiliga davlat maqomi berilishiga, keyinchalik lotin alifbosiga o'tishga ham shu hokimiyatdagilar qarshi turishgan. Hozir ham xuddi shunday tushunchadagi odamlar hokimiyatda turishibdi. Bugun kirillchilar qayta paydo bo'layotganing birinchi sababi ham aynan shunda”, - deydi Isabek.

O'zbekistonda lotinga o'tish haqidagi qonun 1993-yilda qabul qilingan va yangi alifbo joriy etilgan edi. Dastlab yangi yozuvga o'tish uchun besh yil muhlat berildi, ammo keyinchalik bu muhlat bir necha bor uzaytirildi. Bu orada mamlakatda ikki alifbo amalga kirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG