Breaking News

O'zbekistonning o'zgaruvchan tashqi siyosatida yangi konsepsiya


Oqsaroy
Oqsaroy
Yaqinda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi O’zbekiston Tashqi siyosiy konsepsiyasi haqidagi Qonunni qabul qildi. Hujjat mamlakat hududida chet el harbiy bazalari joylashtirilmasligini qayd etadi.

Shuningdek, O’zbekiston harbiylari qo’shni davlatlardagi mojarolarga aralashmasligi, davlat o’z manfaatlarini iqtisodiy-siyosiy choralar orqali himoyalashi ta’kidlanadi.

Qonunchilarga ko’ra, O’zbekiston atrofida xavfsizlik va barqarorlikka asoslangan muhit yaratish bu konsepsiyaning asosiy maqsadi.

O’zbekiston prezidenti tomonidan taqdim etilgan va tez sur’atda Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan qonun AQSh respublikada yana harbiy baza ochishi mumkin degan taxminlarni bartaraf etadi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq xodimi, mustaqil tahlilchi Alisher Taksanov deydiki, bu hujjat bilan hukumat xorijiy harbiy bazalariga keskin qarshi bo’lgan tomonlar noroziligini yumshatishni maqsad qilgan bo’lishi mumkin.

Karimov va Putin
Karimov va Putin
“Nazarimda bu konsepsiya qo’shni davlatlarni, shu jumladan Rossiyani O’zbekistonda AQSh harbiy bazasi bo’lmasligi yuzasidan tinchlantirishga qaratilgan. Lekin biz 20 yil davomida rasmiy Toshkentning tashqi siyosati o’ta o’zgaruvchan ekanligini kuzatib kelmoqdamiz. Xorijiy bazalar masalasida ham shunday. Ehtimol u harbiy baza atalmas. Qirg’iziston misolida buni kuzatdik. Avval harbiy baza edi, keyinchalik tranzit markaziga aylandi. Bu bilan mohiyat o’zgargani yo’q. Rasmiy Toshkent ham bu tajribadan unumli foydalanishi mumkin, buning uchun yuridik asoslar topiladi”, - deydi Taksanov.

O’zbekiston yaqinda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini tark etgani AQSh o’lkada harbiy baza ochadi degan taxminlarga turtki bergan edi. Shartnomaga binoan a’zo davlatlar o’z hududlarida xorijiy obyektlarga ruxsat bermaydi. Biroq bu tashkilot boshida turgan Rossiyaning o’zida NATO qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarilishiga ko’mak beruvchi baza mavjud - Ulyanovskda.

Konsepsiya O’zbekistonning harbiy ittifoqlarga munosabatini ham belgilaydi. Unda O’zbekistonning turli harbiy bloklarga qo’shilmasligi, mamlakat harbiylarining qo’shni davlatlarda yuzaga keldan ziddiyatlarni bartaraf etishda ishtirok etmasligi ko’rsatiladi.

Oliy Majlis
Oliy Majlis
O’zbekiston hozirgacha biror harbiy missiyada ishtirok etmagan. Qonundagi bu band mintaqada yashayotgan millionlab o’zbeklar manfaati yuzasidan ham bahsli ko’rinadi.

“Konsepsiyadagi bu band bevosita Qirg’izistonda kuzatilgan etnik mojaro bilan bog’liq.
O’zbekiston hukumati agar istagan taqdirda bu mojaraoni bartaraf etishi mumkin edi. O’zbekiston mudofaa tizimida BMT qoshida malakadan o’tgan konfliktlarni bartaraf etishga ixtisoslashgan maxsus bo’linma bor edi. Toshkent bu bo’linmani ishga solishi mumkin edi, biroq Islom Karimov ziddiyatni to’xtatishni, odamlar hayotini saqlab qolish imkoniyatidan foydalanishni istamadi. Shunday qilinganida, bu mintaqada barqarorlikni saqlab qolish uchun qilingan jiddiy ish bo’lardi”, - deydi Alisher Taksanov.

Qonunda qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni shakllantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Alisher Taksanov, mustaqil tahlilchi
Alisher Taksanov, mustaqil tahlilchi
Shu bilan bir birga konsepsiyada mintaqada suvdan foydalanishda O’zbekiston pozitsiyasi o’zgarmasligi, bu masala tashqi kuchlar aralashuvisiz, faqat region davlatlari tomonidan yechilishi lozimligi ta’kidlanadi. O’zbekiston o’z manfaatlarini iqtisodiy va siyosiy yo’llar bilan himoyalashi urg’ulanadi.

“Agar mintaqada barqarorlik o’rnatish maqsadi bo’lsa, nega konsepsiyada chegarani minalardan tozalash, aholining o’tish-qaytishini osonlashtirish, davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish belgilanmagan? Aksincha, bizda izolyatsiya davom etmoqda. Chegarada otishmalar, doimiy ziddiyatlar. Konsepsiya esa suv masalasida Tojikistonga nisbatan bosimni qonuniylashtirib beruvchi hujjatga o’xshaydi. O’zbekiston masalani ana shu qonuniy hujjatdan kelib chiqib yechishga intiladi”, - deydi Taksanov.

O’zbekistonda tashqi siyosatni belgilovchi bunday hujjat anchadan buyon kuzatilmagan.

Islom Karimov bu borada o’ta o’zgaruvchan, strategik qutblarni tez-tez o’zgartirib turadigan lider sifatida tanilgan. Navbatdagi hujjat buni qanchalik o’zgartiradi, buni vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG